Toshkent shahrining ba`zi ko`chalarida intellektual kameralar avtobus yo`laklariga to`xtagan avtomobillarga jarima yozishni boshladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, oktyabr—noyabr oylarida Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” markazi, Toshkent shahar yo`l harakati xavfsizligi xizmati, Idoralararo tezkor shtabi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ mutaxassislari bilan hamkorlikda, Toshkent shahridagi tirbandlik yuqori bo`lgan ko`chalar, avtobuslar harakati uchun ajratilgan maxsus “A” yo`laklarga to`xtash va to`xtab turish qoidabuzarliklarini aniqlovchi intellektual videokuzatuv kameralaridan 30 tasi ob`ektlarda o`rnatilgan.
Hozirda mazkur 30 ta intellektual videokuzatuv kameralarining Amir Temur va Alisher Navoiy ko`chalariga o`rnatilganlaridan 5 tasi to`liq ishga tushirildi.
2023 yil 24 dekabr kuni mazkur ko`chalarda to`xtash va to`xtab turish qoidalarini buzgan 175 ta transport vositalari haydovchilariga nisbatan, belgilangan tartibda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 128/6-moddasiga asosan, BHMning ikki barobari — 680 ming so`m miqdorida jarima belgilangan.






