Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahri, Andijon va Namangan viloyatlaridagi yirik savdogar va tadbirkorlarning juda ko`p miqdordagi xorijiy valyutalarini aylanma yo`llar orqali Qirg`iz Respublikasiga o`tkazish bilan shug`ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi.
Xususan, Andijon shahrida yashovchi, 1998 va 2002 yillarda tug`ilgan 2 nafar shaxs joriy yilning may oyida Toshkent shahrida juda ko`p miqdordagi chet el valyutalarini qabul qilib olib, ularni jinoiy sheriklariga etkazish uchun Farg`ona viloyati tomon yo`l olishadi.
Farg`ona viloyatining Yozyovon tumani hududida ular ushbu xorijiy valyutalarni Qirg`iz Respublikasiga bojxona nazoratini chetlab, o`tkazishi kerak bo`lgan, Quvasoy shahrida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro bilan uchrashgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Ular harakatlanib kelgan "Spark" rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, avtomashina salonida 4 dona qora rangli polietilen paketlarga o`ralib, skotch bilan mahkamlangan jami 590.945 AQSh dollari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruh etakchisi bo`lgan Quvasoy shahrida yashovchi, 1981 y.t. shaxs ham qo`lga olindi.
Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi Tergov bo`limi tomonidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasining 2-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Natijada, jinoyat ishlari bo`yicha Namangan tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarning 2 nafariga nisbatan 5 yil, qolgan 2 nafariga nisbatan esa 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan 590.945 AQSh dollari va «Spark» rusumli avtomashina davlat egaligiga o`tkazildi.






