AsosiyJamiyat

O`zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etiladi

'O`zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti "Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo`g`in sifatida ishlashini ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to`g`risida"gi farmonga imzo chekdi.

Hujjatga ko`ra, O`zbekiston mahallalari uyushmasi, uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo`limlarini tashkil etiladi.

Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo`ladi:

- mahallaning xalq bilan davlat o`rtasidagi «ko`prik» vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko`maklashish;

- mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo`g`iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o`rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta`minlash;

- har bir fuqaro o`zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta`minlashda mas`uliyatni sezishi, boqimandalikka o`rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo`yicha targ`ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;

- "mahalla ettiligi" tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko`rsatish uchun safarbar etishda ko`maklashish va boshqalar.

Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta`minot sharoitlari bo`yicha Bosh vazir o`rinbosariga tenglashtiriladi.

Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 martdan boshlab "Temir daftar"," Yoshlar daftari" va "Ayollar daftari" orqali ijtimoiy yordam ko`rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi quyidagi yangi tartib joriy etiladi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg`armasi, Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi orqali ijtimoiy yordam ko`rsatish va subsidiyalar ajratish "mahalla ettiligi" ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi.

Unga ko`ra, har oyning 5-sanasiga qadar daftarlar uchun mablag`larni taqsimlovchi mas`ul tashkilotlar tomonidan jamg`armalarda shakllangan mablag`lar daftarlarga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda tegishliligi bo`yicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi.

Shuningdek, farmonda "Temir daftar" Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo`linmalari tomonidan yuritilishi qayd etilgan.

Davlat rahbari tomonidan imzolangan hujjatga ko`ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda "Mahalla byudjeti" tizimi joriy etiladi.

    Boshqa yangiliklar