“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Prezident Farmoni (PF-1-son, 03.01.2024 y.) qabul qilindi
Farmonga ko`ra, 2024 yil 1 maydan:
- sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etiladi;
- fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo`lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanadi;
- ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta xarajatlari bo`yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etiladi.
2024 yil 1 dekabrdan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so`zsiz ijrosini ta`minlovchi “Majburiyatlar reestri” instituti joriy etiladi.
2024 yil 1 apreldan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo`lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
2024 yil 1 martgacha ijro hujjatlari bo`yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizasiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.
Majburiy ijro byurosiga asosiy faoliyati voyaga etmaganlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo`shimcha 230 ta davlat ijrochisi shtat birligi ajratiladi.
Markaziy apparatning Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi tarkibida Monitoring markazi tashkil etiladi.
Markaziy apparatda Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish bo`limi, Byuroning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish sho``basi tashkil etiladi.






