Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi xizmat mavqeidan foydalangan holda, Samarqand shahrida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga go`yoki AQSh elchixonasidagi tanishlari orqali viza rasmiylashtirib, Qo`shma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilgan. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
1999 yilda Oqdaryo tumanida tug`ilgan, hozirda Amerika Qo`shma Shtatlarida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o`qiydigan qarindoshi bilan o`zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroni Meksika orqali Qo`shma Shtatlarga ishga yuborish evaziga undan 16 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Ammo, Iqtisodiyot va servis instituti talabasi so`ralgan pul mablag`idan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Ta`kidlash lozimki, hozirda Qo`shma Shtatlarda yashayotgan oqdaryolik shaxs muqaddam 4 nafar fuqaroni Amerikaga ishga yuborishni va`da qilib, ulardan 41.600 AQSh dollari olgan va o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
DXX Jizzax viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Jizzax shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatida yashovchi, 1999 y.t. shaxs Forish tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni aldab, tanishlari yordamida uni “Turkiya-Evropa-Nikaragua-Meksika” orqali Qo`shma Shtatlarga yuborish evaziga talab qilingan 17 ming AQSh dollaridan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
1991 yilda Sirdaryo viloyatida tug`ilgan, hozirda AQShning Ohayo shtatida yashovchi fuqaro va Yangier shahrida istiqomat qiluvchi, 1991 y.t. shaxs o`zaro til biriktirib, Xovos tumanida yashovchi fuqaroni Meksika orqali Amerika Qo`shma Shtatlariga yuborish, shuningdek, buning uchun zarur bo`ladigan viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga undan 8200 AQSh dollari talab qilishgan.
Lekin, Yangier shahrida yashovchi shaxs 8100 AQSh dollari va 1 mln. 240 ming so`m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.