AsosiyDunyo

"Omikron"ning JN.1 variantiga xos yangi alomatlar ma`lum bo`ldi

'"Omikron"ning JN.1 variantiga xos yangi alomatlar ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan "xavotirli mutasiya" sifatida kuzatuv ostiga olingan "omikron" shtammining JN.1 subversiyasi hozir dunyo bo`ylab tez sur`atda tarqalmoqda.  Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma`lumotiga ko`ra, bu variantni yuqtirish holatlari, ayniqsa, Qo`shma Shtatlar, Islandiya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya hamda Buyuk Britaniyada sezilarli darajada ko`paygan.  

O`rganishlarga ko`ra, yaqin vaqtgacha JN.1 bilan xastalangan bemorlar asosan burun oqishi, holsizlik, yo`tal va bosh og`rig`idan aziyat chekib kelayotgan edi.

Xususan, ushbu simptomlar orasida eng ko`p tarqalgani burun oqishi bo`lib, u kasallikka xos belgilarning 31 foizini tashkil etadi. 23 foiz holatda yo`tal, 20 foiz holatda bosh og`rig`i kuzatilmoqda. Shuningdek, 20 foiz bemorlarda zaiflik va charchoq, 16 foizida esa mushaklarda og`riq qayd etilyapti.

Buyuk Britaniya olimlari JN.1 varianti aniqlangan kishilarda endi koronavirusga xos bo`lmagan ikki yangi alomat — uyqusizlik va bezovtalik kuzatilayotganini ma`lum qildi.  

Mutaxassislar fikricha, bu kabi kamyob simptomlar ko`payishi virusning odamlar immunitet tizimiga "chap berish"  xususiyati oshib borayotganini anglatadi.  

Shunga qaramay, JSST hozircha bu shtamm Er yuzi aholisi salomatligiga global darajada xavf tug`dirayotgani yo`q, degan xulosada. Faqat JN.1 qish mavsumi davom etayotgan Shimoliy yarim sharda kasallanish ko`rsatkichlari oshishiga sabab bo`lishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar