AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 16 ta lisenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi

'O`zbekistonda 16 ta lisenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi'ning rasmi

O`zbekistonda 1 martdan boshlab 16 ta lisenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi. Bu haqda adliya vaziri matbuot kotibi xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi talablar, shu jumladan, lisenziya va ruxsat berish tizimini tartibga solish ta`sirini baholashdan o`tkazish orqali ishlab chiqilgan “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezidenti farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 2024 yil 1 martdan boshlab 16 ta lisenziya va ruxsatnoma bekor qilinmoqda, shu jumladan:

7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to`liq bekor qilinadi. Masalan, bojxona tashuvchilari reestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi;

6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo`li bilan bekor qilinadi. Xususan, eksport nazorati ob`ektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun lisenziya birlashtirilmoqda;

3 ta lisenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o`tkaziladi. Masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan lisenziyasiz shug`ullanish mumkin bo`ladi.

Shuningdek, lisenziya yoki ruxsatnomani berishda talabgorlarni video aloqa yordamida masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.

Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming dollar miqdoridagi mablag`ni Xavfsiz turizm jamg`armasiga zaxira qilib qo`yish bekor qilinadi.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko`rikdan o`tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin (bugunga qadar texnik ko`rikdan o`tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o`tkazilayotgan edi).

Ushbu farmon qabul qilinishi natijasida tadbirkorlarning qariyb 350 milliard so`mlik xarajatlari tejaladi.

    Boshqa yangiliklar