1

Tahririyatdagi sirli tush

Mutolaa 10.01.2024, 23:00
Tahririyatdagi sirli tush

Bu voqea 1883 yilda AQShnig Boston shtatida yuz bergandi. Eduard Semson mahalliy “The Boston Globe” gazetasida yangiliklar bo`limi boshlig`i bo`lib ishlardi. U reportyor sifatida juda kam maosh olar, oilasi bilan amal-taqal kun kechirardi.

Kunlarning birida hamkasblar kechki payt ishxonada ulfatchilik qilishdi. Ichkilik biroz me`yoridan oshgani uchunmi, Semson o`z xonasiga borishga ham majoli etmay, rassomlar xonasidagi divanga yonboshlagancha uyquga ketdi. Etti soatlar chamasi mizg`igan Semson tungi soat uchlarda cho`chib uyg`ondi. Hammasi tush ekanini payqab, engil nafas oldi. A`zoyi badani jiqqa terga botgani uchun kiyimlarini almashtirdi-da, boshini grafindagi muzday suvga yuvib, tushida ko`rganlarini bir boshdan xotirlashga tushdi.

Tush ham shunaqa dahshatli bo`ladimi? Uning quloqlari ostida mudhish ofatdan talvasaga tushayotgan, o`lim og`zidagi odamlarning alamli chinqirig`i hamon jaranglab turardi. Tavba, hammasini xuddi o`ngidagidek aniq-tiniq ko`rdi-ya? Bo`ron, vahshiy to`lqinlar, kema machtasining gugurt cho`pidek qarsillab sinishi...

Semson torgina xonada nima qilishni bilmay, bir zum garangsib o`tirdi. So`ng miyasiga nimadir lop etib urildi-yu, shamni yoqib, tushida ko`rganlarni batafsil qog`ozga tushira boshladi.

U Yava arxipelagi yaqinidagi Pralome orolida yashovchi minglab aholining vulqon, qaynoq lava ta`qibidan jon saqlash uchun dengiz tomonga qochayotganini o`z ko`zi bilan ko`rgandek tasvirladi.

Uning yozishicha, lavadan qirg`oqqa oshiqqan odamlar dengizning dahshatli dovuli, ko`kka sapchiyotgan loyqa po`rtanalar, qonxo`r to`lqinlar, er va osmonni qorishtirib yuborgan kuchli shamol bilan to`qnash keladilar. Dolg`alar yirik kemalarni pista po`chog`idek o`ynaydi. Tabiiy ofat o`ta fojiali yakun topadi. Vahimali portlash oqibatida gavjum Pralome oroli ummon tubiga g`arq bo`ladi. Undan muvaqqat tutunlargina qoladi xolos.

Semson negadir kulimsiragancha, o`z chizgilari ustida “o`ta muhim” deb yozdi va imzo chekdi. Keyin esa, uni stol ustiga qo`yib xonani tark etadi.

Ertalab, rassomlar xonasiga nimadir ish bilan kirgan bosh muharrirning ko`zi haligi bitiklarga tushadi va qiziqsinib o`qib ko`radi. Keyin esa, uni Semson kechasi qayta ishlagan tezkor maqola bo`lsa kerak, degan xayolda terishga beradi. Bu paytda Semson o`z uyida uyquning chalasini davom ettirayotgan edi.

Xullas, bu maqola shu kuni gazetaning birinchi saxifasida yirik harflar bilan chop etildi. Bundan xabar topgan boshqa gazetalar ham tahririyatdan to`laroq ma`lumot berishni so`ray boshlashdi.

“Boston Globe” muharriri maqolani Nyu-Yorkka uzatadi. U erdan esa, “Associated Press” axborot agentligi orqali bu ma`lumot butun Amerikaga tarqatiladi. Chikago, Klivlend, Sinsinatti, San-Fransisko shaharlaridagi o`nlab gazetalar oddiy muxbirning tushiga asoslanib yozilgan bu xabarni birinchi sahifalarda bosib chiqaradilar. O`shanda 1883 yilning 29 avgust sanasi edi.

Hammasi ana shundan keyin boshlandi. Voqealar davomi haqida hech bir gazetada bir og`iz gap yo`q. Sababi ayon: birinchidan, voqea dunyoning narigi burchagida sodir bo`lgan. Ikkinchidan bu shunchaki uydirmadan boshqa narsa emas, gazeta tahririyati boshi berk ko`chaga kirib qoladi.

“Boston Globe” muharriri o`z xodimi Semsonni qattiq siquvga olgach, u o`z aybini tan olishga majbur bo`ladi. Darvoqe uni aybdor deb ham bo`lmasdi. Axir u o`z ijod mahsulini gazetada chop etish maqsadida yozmagandi-ku!

Boston kutubxonalaridan Pralome deb nomlangan orol haqida ham biror ma`lumot topishning iloji bo`lmadi. Endi Semsonning harcha tavba tazarrusidin, uzridan naf chiqmasdi. Uning “maqolasi” esa, allaqachon butun mamlakatga shov-shuvga aylangan, hammaning og`zida o`sha olis orol fojeasi...

Boshqa o`nlab gazetalar ham sarosimaga tushib qoldilar. Ular ham anglashilmovlikka yo`l qo`yilganini tan olib, o`quvchilardan uzr so`rashlari lozim edi.

Semsonni jazo tariqasida ishdan haydashdi. Ammo, bu vaziyatni o`zgartirolmasdi. Gazetalar faqat “Associated Press”ga umid ko`zi bilan boqishardi. Ularning nazdida faqat agentlikkina masalaga oydinlik kiritishi mumkin edi. “Boston Globe” ma`muriyati allaqachon o`z maqolasi uchun raddiya hozirlab qo`ygan, shuning barobarida o`z raqobatchildari oldida kulgi bo`lishini tahririyat jamoasi yaxshi tushunardi.

Biroq kutilmaganda, hammasi boshqacha tus oldi. 
AQShning g`arbiy qirg`oqlari tomon g`alati va baland to`lqinlar yopirilib kela boshladi. Bu orada Hind okeanining qaysidir burchagida mudhish halokat ro`y bergani haqida gap-so`zlar paydo bo`ldi. Malayziya va Hindistonning butun-butun viloyatlarning suv bosgani, ming-minglab qurbonlar haqidagi mish-mishlar avj oldi. Biroq, hali bu ma`lumotlar o`z tasdig`ini topgan emasdi. Shunga qaramay gazetalar yolg`on ma`lumot uchun o`quvchilardan uzr so`rashga shoshilmaslikni ma`qul ko`rishdi. Uch-to`rt kundan so`ng hammasi ayon bo`ldi. Avstraliyadan ob-havo va dengiz sathidagi keskin o`zgarishlar haqidagi xabar etib keldi. Noma`lum to`lqinlar dunyo ummonini o`z izmiga solib ulgurgan, qandaydir halokat yuz bergani aniq edi. Qirg`oqlarga katta yo`qotishlar bilan etib kelgan kemalar Zond ko`rfazi yaqinidagi Krakatau vulqoni uyg`ongani, butun bir orolni suvga g`arq etgani, minglab odamlar bu fojianing qurboniga aylangani haqidagi xabarni etkazishdi.

Kuchli portlash butun Er sathidagi barometrik bosimga o`z ta`sirini o`tkazgan, Krakatau vulqonining uyg`onishi sayyoramiz tarixidagi yirik fojealardan birini keltirib chiqargan edi..

Ana endi dunyoning etakchi nashrlariga Xudo berdi. Ayniqsa, Eduard Semsonning “karomatini” chop etgan gazetalar bir muncha jonlanib qolishdi.

Halokatning tafsilotlari oydinlashgach, “Boston Globe” muharriri gazetaning navbatdagi soni uchun tayyorlab qo`ygan raddiyani axlat chelagiga tashlab, Eduard Semsonini o`z vazifasiga qayta tikladi.

Ma`lum bo`lishicha, Krakatau vulqoni o`sha yilning 26 avgust kuni harakatga kela boshlagan, ertasi kuni qaynoq lava er bag`rini yorib chiqqan, kuchli portlash natijasida orol 29 avgust kuni suv ostiga g`arq bo`lgan. Boshqacha aytganda, fojia aynan o`sha vaqtning o`zida divanda sarxush yotgan Semsonning tushiga kirgan. Uning xayoliy chizgilari esa, Krakatau fojiasidagi voqealarga aynan mos tushishi haqiqatan ham g`aroyib edi. Faqat, bitta dalil noto`g`ri edi, xolos. Negadir, Semson Orolga Krakatau emas, Pralome deb nom bergandi.

Bu jumboq Semson hayotining so`nggi yillarida o`z echimini topadi. Gollandiya tarixchilar jamiyati XIX asrning oxirida ummon qa`riga g`arq bo`lgan Krakatau oroli ikki yuz yilcha muqaddam Pralome deb atalganini aniqlashdi.

Semsonning bu ajabtovur tushi esa, jurnalistika tarixida eng g`aroyib va sirli hodisa bo`lib qoldi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1