AsosiyJamiyat

Keshbek bo`yicha cheklov fuqarolarning 98 foiziga ta`sir o`tkazmaydi — Soliq qo`mitasi

'Keshbek bo`yicha cheklov fuqarolarning 98 foiziga ta`sir o`tkazmaydi — Soliq qo`mitasi'ning rasmi

Davlat soliq qo`mitasining ma`lum qilishicha, keshbek limiti xaridlarni amalga oshiruvchi fuqarolarning 98 foiziga ta`sir qilmaydi. Qo`mita cheklovlar ba`zi odamlar boshqa odamlarning cheklarini va bu orqali keshbeklarini o`zlashtirayotgani sabab joriy etilganini tasdiqladi. Bu Qo`mita Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat soliq qo`mitasi 2024 yil 1 yanvardan boshlab O`zbekiston fuqarolariga soliq keshbeki qaytariladigan xaridlarning umumiy miqdori oyiga bazaviy hisob-kitob miqdorining 60 baravaridan (20,4 mln so`m) oshmasligi belgilanganiga izoh berdi.

Ya`ni, avvalroq yozganimizdek, endi "Ijtimoiy himoya yagona reestri"ga kirmagan fuqaroning xaridlari uchun oyiga olishi mumkin bo`lgan maksimal soliq keshbeki miqdori 204 ming so`mni tashkil etadi.

Soliq qo`mitasi ushbu cheklov foydalanuvchilarning 98 foiziga, ya`ni oy davomida odatda 20,4 mln so`mgacha miqdorda xaridlarni amalga oshiruvchi barchaga ta`sir qilmasligini ta`kidladi.

"Qolgan 2 foiz foydalanuvchilar boshqa shaxslarga tegishli cheklar summasini o`zlashtirib olgani yoki tadbirkorlar tomonidan xaridorga chek bermay, o`zi yoki qarindoshlari orqali ro`yxatdan o`tkazish holatlari kuzatilgani yuzasidan shikoyatlar bo`lgan. Shu boisdan ham shunday tartib joriy etildi", — dedi qo`mita bosh inspektori Anvar Ne`matov.

Masalan, o`tgan yilning noyabr oyida foydalanuvchilarning 98 foizida 200 ming so`mgacha bo`lgan keshbek yig`ilgan, "bu esa maksimal miqdor adolatli va to`g`ri belgilanganligini anglatadi", — dedi bosh inspektor.

    Boshqa yangiliklar