“Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya ta`minotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish to`g`risida”gi Hukumat qarori (13-son, 08.01.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, Bojxona qo`mitasi tomonidan:
- 2024 yil 1 fevralgacha “Yashil energiya” axborot tizimi to`liq funksional rejimida ishga tushiriladi va Energetika vazirligiga o`tkazilishi ta`minlanadi;
- “Yashil energiya” axborot tizimining uzluksiz ishlashi va kiritilayotgan ma`lumotlarning to`g`riligi doimiy nazorat qilinadi.
Quyidagilarga ruxsat beriladi:
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona to`lovlarini 120 kun muddatga foizlar undirilmagan holda kechiktirib to`lashga;
mazkur import qilish faoliyati bilan 3 yildan ortiq davr mobaynida shug`ullanayotgan, bojxona to`lovlari bo`yicha majburiyatlarini o`z vaqtida bajarib kelgan tadbirkorlarga 6 oy muddatga bojxona to`lovlarini ta`minlash qo`llanilmagan holda, bojxona to`lovlarini bo`lib to`lashga.
Bunda tadbirkorlar tomonidan oxirgi 3 yil davomida to`langan bojxona to`lovlarining miqdori to`lov muddati uzaytiriladigan summaning 50 foizidan oshmaydigan miqdorini tashkil etishi lozim.
2024 yil 1 martdan texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko`rsatkichlarini ifodalovchi “A”, “V”, “S” va “D” tegishli sinfi to`g`risidagi axborotlar mavjud bo`lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiklanadi.
Quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo`lgan mahsulotlar ro`yxatiga kiritiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini baholash bo`yicha sinov laboratoriyasi faoliyati tashkil etiladi.
Import qiluvchilar tomonidan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali “O`zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DUKning muvofiqlikni baholash organlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini sertifikatlashtirish uchun ariza yuborish imkoniyati yaratiladi.






