Avvalroq, joriy yilning 10 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Equinox haydovchisining yo`l qoidalarini qo`pol ravishda buzib harakatlangan videosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
Videodan ko`rish mumkinki, qoidabuzar haydovchi otasini Ichki ishlar vazirligida ishlashini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan IIV va YHXB tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, mazkur qoidabuzarlik 2006 yilda tug`ilgan A.I. tomonidan sodir etilgan.
Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi departamenti YHXB xodimlari tomonidan voyaga etmagan yigit va uning onasi bilan suhbat olib borilgan. Suhbat davomida bolaning otasi hech qanday IIVda faoliyat olib bormasligi, "UzDon" AJda ishlashi ma`lum bo`lgan.
“O`zimiz uchun videoga olib, Telegram kanalga tashlagandik. Keyin video tarqalib ketibdi. 174-176 tezlikda haydovchilik guvohnomasiz harakatlandim. Qilgan ishimiz noto`g`ri, ulardan uzr so`rab qolaman”, - deydi yigit.
Mazkur holat yuzasidan yigitning onasiga nisbatan MJTKning 47-moddasi (“bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) bo`yicha mamuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Surishtiruv davomida YPX xodimlari tomonidan Equinox avtomobili ham topilib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.






