Ombudsman vakillari Navoiydagi qamoqxonada jazo o`tayotgan Davletmurad Tajimuratov bilan uchrashib, uning sharoiti bilan tanishdi.
2024 yil 5 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo`yicha Jamoatchilik guruhlari a`zolari Navoiy shahrida joylashgan 11-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirishdi. Bu haqda Ombudsman Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vakillar Nukusdagi tartibsizliklarning asosiy aybdori Davletmurad Tajimuratov bilan ham uchrashib, suhbatlashishgan.
ta`kidlanishicha, suhbat davomida D.Tajimuratov koloniyadagi sharoitlar Ombudsman tomonidan o`tkazilayotgan monitoring tashriflari natijasida yaxshilanib borayotganini, oziq-ovqat ta`minoti yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq o`tkazish holatlari mavjud emasligi, davolash-profilaktika yordamini ko`rsatish bo`limi tomonidan tibbiy yordam kerak bo`lganda vaqtida yordam ko`rsatilayotganligini ma`lum qilgan.
"Koloniya rahbariyati bilan o`tkazilgan suhbatlarga va amalga oshirilgan o`rganishlarga ko`ra, D.Tajimuratov qonunchilikda belgilangan tartibda jazo muddatini o`tamoqda. Uning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari ta`minlamoqda va ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlar tatbiq etilmoqda. Alohida cheklovlar o`rnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, o`tkazilgan suhbat davomida unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib o`tildi", - deyiladi xabarda.






