Toshent atmosfera havosining ifloslanishiga quyidagi omillar ta`sir etmoqda. Ekologiya vazirligi Matbuot xizmatining ma`lum qildi.
Xususan:
Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e`lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan. Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda.
Qolaversa, avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o`rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo`shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to`g`ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me`yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.
Bundan tashqari, shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, yo`l harakatini to`g`ri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko`p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to`xtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko`proq tashlama chiqaradi.
Aholining energiya resurslariga bo`lgan talabi ortishi natijasida ko`mir yoqilg`isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2023 yil yakuniga ko`ra esa 6,7 mln tonnaga etgan.
Ma`lumot uchun, 10 tonna ko`mir yoqilg`isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.
Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik etkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo`shimcha yoqilg`i sifatida mazut yoqilg`isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini e`tirozlariga sabab bo`lmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilg`isidan foydalanilgan.
"Shuningdek, shamol yo`nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiasiyasi, atmosfera yog`inlarining miqdori va davomiyligi va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo`lmoqda. Toshkent shahri tog`lar bilan o`ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo`l bilan chiqib ketmaydi,- deyiladi xabarda






