Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) «GALLUP» tadqiqot va konsalting tashkiloti tomonidan jamoatchilik fikrini o`rganish asosida tayyorlanayotgan yillik Jahon so`rovnomasi (Gallup World Poll) bo`yicha hisobotini tahlil qildi.
Gallup 2005 yildan beri har yili 160 mamlakat o`rtasida (har bir davlatdan 1000 kishi) dunyo bo`ylab so`rov o`tkazib kelmoqda, bu 15 yoshdan oshgan dunyo aholisining 98 foizni tashkil qiladi.
Gallup World Poll 100 savoldan iborat va quyidagi Indekslarni o`z ichiga oladi:
· Qonun va tartib;
· Oziq-ovqat va uy-joy;
· Institutlar va infratuzilma;
· Yaxshi ish o`rinlari;
· Farovonlik.
Gallup ushbu hisobotida O`zbekistonni postsovet Evroosiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan taqqoslab boradi.
2022 yilda farovonlik indeksi (0 dan 10 ballgacha) 6,0 ballni tashkil etdi, ushbu indeksning mintaqadagi o`rtacha ko`rsatkichi esa 5,7 ballga teng. Shunday qilib, O`zbekiston postsovet Evroosiyo mintaqasi mamlakatlari orasida eng yaxshi natijalardan birini ko`rsatgan.
Postsovet Evroosiyo mintaqasi O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Belarus, Moldova, Ukraina kabi davlatlarni o`z ichiga oladi.
2022 yilda o`tkazilgan so`rov natijalariga ko`ra, o`zbekistonliklarning 39 foizni hozirgi kunda o`z farovonligi oshib borayotganligini ta`kidlagan, bu mintaqaviy o`rtacha 30 foizdan sezilarli darajada yuqori.
Hayotdan qoniqishni aniqlash uchun «Hayot zinapoyasi» deb nomlangan so`rov natijalaridan foydalaniladi. Respondentlardan 0 dan 10 gacha zinapoyaning qaysi pog`onasida ekanligi so`raladi, bu erda 0-pog`ona eng yomon hayotni, 10-pog`ona esa eng yaxshi hayotni anglatadi.
O`zbekiston aholisining atigi 2%i o`z hayotlarida qiyinchiliklarga duch kelayotganliklarini qayd etishgan, bu mintaqaviy o`rtacha ko`rsatkichdan 6 foizga past.
O`zbekiston farovonlik ko`rsatkichlari bo`yicha mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani ko`rsatgan.
Shu bilan birga, Gallup baholashlariga ko`ra, pandemiya davridan so`ng aholining farovonligi eng tez tiklangan mamlakatlardan biri hisoblanadi.
O`zbekistonliklar kelgusi 5 yildagi farovonligini 8,7 ball deb baholaganlar. Xususan, kelajakdagi farovonligini kutish borasida O`zbekiston mintaqada eng yaxshi natijani ko`rsatgan, mintaqaning o`rtacha ko`rsatkichi esa 7,4 ballni tashkil etgan.
Respondentlarning 86 foizi hozirgi paytda turmush darajasi yaxshilanayotganligini bildirishgan va ushbu ko`rsatkichning mintaqadagi o`rtacha darajasi 40 foizni tashkil etgan.
So`rovda qatnashgan O`zbekiston aholisining 80 foizni hozirgi moliyaviy holatidan qoniqayotganligini bildirishdi, bu mintaqadagi eng yuqori ko`rsatkich bo`lib, mintaqa uchun o`rtacha ko`rsatkich 60 foizni tashkil etgan.
O`zbekistonliklarning 44%i joriy daromadlarida yaxshi hayot kechirayotganliklarini bildirishgan bo`lsa, mintaqadagi o`rtacha 33 foiz bo`lgan.
O`zbekistondagi ishchilarning 34 foizi o`z ishlaridan qoniqishlarini bildirishgan. Bu esa o`z navbatida, mintaqadagi eng yuqori ko`rsatkich bo`lib, mintaqa uchun o`rtacha 27 foizni tashkil etgan.
«GALLUP» tashkiloti hisob-kitoblariga ko`ra, ish joylaridan ko`ngli to`lmaydigan ishchilar global iqtisodiyotga 8,8 trillion dollar yoki jahon YaIMning 9 foiz miqdoridagi xarajatlarni keltirib chiqaradi.
O`zbekistondagi ishchilarning 15 foizi o`z ish joylarida stressga tushishlari mumkinligini ta`kidlashgan bo`lib, bu mintaqadagi ko`rsatkichdan mintaqada 24 foizni tashkil qildi.
2020 yildan beri hozirgi davrda ish topishning eng yaxshi payti deb hisoblaydiganlarning ulushi 17 foizga oshgan va 2022 yilda so`rovda qatnashganlarning 63 foizi buni qayd etishgan. Bu esa o`z navbatida, mintaqadagi eng yuqori ko`rsatkich, o`rtacha ko`rsatkich esa 38 foizni tashkil etgan.
Ikki yil davomida o`zbekistonliklarning mamlakat iqtisodiyotini yaxshilanayotganligiga ishonchi 7 foizga oshib, 82 foizga etdi. Bu ko`rsatkich mintaqada o`rtacha 51 foizni tashkil etgan.
2022 yilda o`zbekistonliklarning 92 foiz mamlakat hukumatiga ishonishlarini bildirishgan, bu esa aholining hukumatga bo`lgan ishonchining o`rtacha ko`rsatkichi 68 foizni tashkil etgan mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijalardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, O`zbekistonda sud tizimi faoliyatiga ishonuvchilarning ulushi ikki yil ichida 10 foizga oshgan va 2022 yilda 74 foizni tashkil etgan. Bu ko`rsatkich mintaqada o`rtacha 45 foiz bo`lib, sezilarli darajada past.
Mintaqa aholisining o`rtacha 55 foizi moliya institutlari va banklarga ishonishlarini ta`kidlashgan bo`lsa, O`zbekistonliklarning 82%i bank-moliya tizimiga «juda katta» ishonch bildirishgan.
O`zbekistonliklarning 94 foizi bolalar va yoshlarga «katta» e`tibor qaratilmoqda deb ta`kidlagan bo`lsalar, bu ham mintaqadagi o`rtacha ko`rsatkich 76 foizga nisbatan yuqori natija.
O`zbekiston aholisining 93 foizi mamlakatda bilim olish va o`sish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirishgan, mintaqadagi bu ko`rsatkich 68 foizni tashkil etgan.






