2024 yil 5 yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish bo`yicha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi 9-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo`lmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy ro`yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish bekor qilinadi (bundan taraflar o`rtasida boshqacha kelishuv tuzilgan holatlar mustasno).
Shuningdek, Jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy zararlarni kompensasiya qilish bo`yicha respublika va hududiy maqsadli jamg`armalar mablag`larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to`g`risidagi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi.
Respublika kompensasiya jamg`armasi mablag`laridan er uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi munosabati bilan etkazilgan zararlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Hududiy kompensasiya jamg`armalari mablag`laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
er uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi munosabati bilan etkazilgan zararlarni qoplash;
jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan quyidagi zararlarni (keyingi o`rinlarda – mulkiy va ma`naviy zarar) qoplash:
ko`chmas mulk ob`ektlariga bo`lgan hududlarning davlat reestriga noqonuniy yodi haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlar;
davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zararlar;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli etkazilgan zarar va ma`naviy ziyonlar;
turar joy insofli egallovchidan qonunchilikda belgilangan tartibda talab qilib olinishiga yo`l qo`yilmasligi natijasida mulkdorga etkazilgan zarar.
Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy zararlarni qoplab berish sxemasi quyidagicha:
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati asosida yoki o`z tashabbusiga ko`ra tegishli hujjatlarni respublika va hududiy maqsadli jamg`armalar kuzatuv kengashiga (keyingi o`rinlarda – kuzatuv kengashlari) murojaat qiladi;
kuzatuv kengashlari 3 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni ko`rib chiqadi va er uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi munosabati bilan zararlarning o`rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplanishini moliyalashtirish to`g`risida qaror qabul qiladi;
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari 3 ish kuni mobaynida etkazilgan zararlarni qoplab beradi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy va ma`naviy zararlarni qoplash uchun jismoniy va yuridik shaxslar ariza, sud qarori va boshqa tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 2024 yil 10 yanvardan kuchga kirdi.






