AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi transport sohasidagi hamkorlikni oshirish muhim — SMTI direktori

'O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi transport sohasidagi hamkorlikni oshirish muhim — SMTI direktori'ning rasmi

Bugun Toshkentda “Yangi davrda Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik” mavzusidagi konferensiya gibrid formatda bo`lib o`tdi.

Joriy yilda kutilayotgan ikki tomonlama muhim tadbirlarga tayyorgarlik ko`rish doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda Xitoy va O`zbekistonning siyosiy-diplomatik doiralari, etakchi tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov konferensiya ishtirokchilariga murojaatida O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini belgilab berdi.

Birinchidan, uning ta`kidlashicha, bu ikki tomonlama strategik muloqotni yanada mustahkamlashdir. Bu umumiy pozisiyalar va xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalar bo`yicha manfaatlarni ilgari surish uchun mintaqaviy va global tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishni anglatadi.

Uning so`zlariga ko`ra, bu qadam mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun qulay tashqi sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Ikkinchidan, ekspertning ta`kidlashicha, yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash orqali savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning ob`ektiv zarurati bor.

Mutaxassisning ishonchi komilki, bunga sanoat kooperasiyasini mustahkamlash, o`zaro sanoat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etkazib berishni mutanosib ravishda oshirish, samarali savdo-logistika infratuzilmasini barpo etish orqali erishish mumkin.

Shu munosabat bilan yuqori qo`shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni uchinchi davlatlar bozorlarida sotish uchun iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlariga Xitoy sarmoyasini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.

Uchinchidan, E.Aripovning so`zlariga ko`ra, zamonaviy transport va logistika kommunikasiyalarini rivojlantirish, mamlakatlar iqtisodiyotlarining jahon bozorlari uchun ochiqligi, ularning iqtisodiy markazlar bilan aloqalarini rivojlantirish muhim yo`nalish hisoblanadi.

Buning uchun ekspert mavjud transport yo`laklarini rivojlantirish va yangilarini ochish, jumladan, Xitoy-Qirg`iziston-O`zbekiston avtomobil va temir yo`li, Trans-Afg`on yo`lagi “Bir makon, bir yo`l” tashabbusini amalga oshirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega ekanligini ta`kidladi.

SMTI vakili "yashil energiya"ga muvozanatli va izchil o`tish eng muhim ustuvor vazifa bo`lib qolmoqda, deya fikr bildirdi.

Bu borada Xitoyning boy tajribasi va sarmoyasini qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga jalb etish, qishloq xo`jaligi, yashil iqtisodiyot kabi sohalarga zamonaviy resurslarni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish muhim rol o`ynashi mumkin, deb hisoblaydi.

— Buning uchun allaqachon etarli asos bor. O`tgan yili Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida Xitoy kompaniyasi rekord muddatda umumiy quvvati 1000 megavatt bo`lgan ikkita quyosh stansiyasining birinchi bosqichini qurishni yakunladi”, — deya xulosa qildi Eldor Aripov.

Eslatib o`tamiz, SMTI tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Evropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada siyosat, xavfsizlik, savdo-investision va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.  

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Evropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi – Evroosiyo mintaqasidagi mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tahlil qilish va o`rganishga qaratilgan Xitoydagi etakchi tadqiqot instituti. U 1989 yilda tashkil etilgan. U XXR rahbariyatiga Xitoy va Evroosiyo makonidagi mamlakatlar o`rtasidagi do`stona munosabatlarni rivojlantirishga ko`maklashish maqsadida axborot, maslahatlar va siyosiy tavsiyalar beradi.

    Boshqa yangiliklar