1

Jinlar bazmi (Mavhum hikoya)

Mutolaa 12.01.2024, 23:01
Jinlar bazmi (Mavhum hikoya)

Otam bu hikoyasini boshlagan vaqtda mening vujudimni qo`rquv o`rab olar edi-da, ichimdan: «Meni ham shunday jinlarga yo`liqtirma», deb tangriga yolborib qo`yar edim.

Kecha xolam bizning uyga mehmon bo`lib kelgan edi. Kechasi oshdan keyin otam, oyim, xolam uchovlari choy ichishib o`ltirar va o`tgan-ketgandan so`zlashar edilar. So`z aylanib kelib yana o`sha jinlar, parilar, devlar to`g`risida to`xtadi. Otam bo`lsa o`zi ko`rgan «jinlar bazimi»ni so`zlashdan yana tiyilolmadi. Otamning bu hikoyasi, yuqorida so`zlaganimcha, mening uchun ortiqcha vahimali bo`lganidan darrov o`rnimga kirib, ko`rpamga burkanib yotib oldim. Otam menga bir kulib qaradi-da, «jinlar bazimi»dan so`z ochdi:

— «Yangi uylangan vaqtlarim edi. Tiriklik bilan ovora bo`lib, bog`ning poyasiga o`z vaqtida qarolmadim. Bir kim payt topib boqqa bordim, tok juda ham o`sib ketgan, bardidan* hatto ikki qarichgacha o`sib chiqqan edi. Shuning uchun ishkomlarni shitobroq tikkaytirishga to`g`ri kelar edi. Boqqa bora boshlaganimning to`rtinchi kuni kechasi bir oz yomg`ir yog`ib chiqdi. Go`yo yomg`irni kutib turgan toklar yana ham o`sib ketdilar, sho`ralar bardi ustiga engashib, ishkom ustiga olmaganim uchun go`yo mendan arazlagandek ko`rinar edilar. Men nima bo`lsa ham poya ishini bugun bitirmoqchi bo`ldim. Ertaga tokni ochmasam, ham o`zim uchun, ham tok uchun jabr qilg`an bo`larman, deb o`yladim.

Istakni* ozroq olgan ekanman. Oxirpeshin* vaqtiga istak tamom bo`lib qoldi. Istak uchun bozorga boray desam bir ishkomgina yamoq qoldi, undan keyin bozordan qaytib chiqquncha kech ham bo`ladi. Nima qilish kerak? Uzoq o`ylab turmay, tut, qayrag`och va tol kabi daraxtlardan istak chilpidim. Chilpigan istaklarni yig`ishtirguncha ham bir choy qaynar vaqt o`tdi. Istaklarni belbog`imga qistirib ishkomga kirdim.

Qosh qorayib, qorong`i tushgan paytda arang poya ishidan qutuldim. Yuz-qo`llarimni yuvib, salla-choponimni kiyganimda obdon qorong`i bosgan edi. Bog` ishlagani kelgan qo`shnilardan hech birisi qolmagan, hamma shaharga jo`nab ketgan, ko`chada chigirtkalarning chirillashi, qurbaqalarning qurullashidan boshqa tovush yo`q edi.

Men bog`dan chiqqanda xufton bo`lmasa ham shunga yaqinlashib qolgan edi. Qorong`ida turtinib-surtinib yo`lga tushdim».

Otam xolamga xitoban dedi:

—  «Siz bilasiz, bizning bog`ning tevaragi quyuq daraxtlik maydonlar bilan o`ralgan. Katta ko`chaga tezroq chiqib olish uchun men shu maydonlardan yurdim. Maydon nihoyatda qorong`i va vahimali edi. Lekin men qorong`ida beparvo borar edim, yolg`iz qorong`ida turtinib qiynalar edim. Katta ko`chaga chiqib olmog`im uchun orada bittagina Hamdam xumdonchining chakalagi qoldi».

Otam hikoyasini shu erga keltirib taqagach, men ko`rpamga yaxshiroq burkanib oldim. Otam so`zida davom etdi:

—  «Bir-ikki qadam Hamdam xumdonchining maydoniga tomon yurdim... Yiroqdan kelgan yorug`likni sezib, tevaragimga qaradim-da, hayron bo`lib qoldim... Qarshimdagi maydondan o`tkir nur sharpasi tushar edi. Bugina emas, kishilarning chag`ir-chug`ur so`zlashib kulushlari, gijdang-gijdang bilan childirma, ora-chora dutor, tanbur, g`ijjak kabi sozlarning zaif, ammo yurakni qitiqlayturgan tovushlari eshitilar edi.

Men tong qotib bir necha vaqt turib qoldim. Darhaqiqat, boyqushlar uyasi bo`lgan bir vayronada bunday voqeaning yuz berishi kishini albatta hayron qilar edi. Holbuki, men shu kun ertalab ham bu maydondan o`tgan edim. Bu erda biror ziyofat bo`laturgan bo`lsa, erta bilan uning bir asari ko`rinar edi. Yosh-yalanglar kunduz kuni harakat qilganlar-da, xara-ko`chalar*, deb fikrimdan o`tkazdim.

Men bazm bo`layotgan maydon orqali o`tmoqchi bo`lib, devor nahrasidan*  oshib tushdim... O`h-ho`-o`-o`, maydon ichi kunduzgidek yorug`, daraxt shoxlariga chiroqlar osilgan, erlarga ipak gilamlar yozilgan. Bir chekkaga katta oq samovorlar qo`yilgan, bir tarafda katta qozonlar qurilgan, jaz-biz davom etar edi. Maydonning o`rta erida yuz chog`liq yosh-qari kishilar qurshalib o`ltirib, dutor, tanbur, childirma, nog`oralar chalib bazim qilar edilar.

Shu choqda bir kishi oldimga yugurdi va bazmdagilarga qichqirib:

— Mana, O`sar aka ham keldi! — dedi.

Bazmdagilarning hammalari ham menga qaradilar.

—  Keling, keling O`sar aka, poyadan qutuldingizmi? — deyishdilar.

O`sha onda ularga nima deb javob berganimni hozir eslayolmayman, chunki juda ham garangsigan edim.

Ular meni o`z ixtiyorimga qo`ymay, sudrab, tortib to`rga chiqardilar. Odatda majlisga kirib o`ltirgandan keyin fotiha o`qilar edi. Biroq ularning har turli savol va muomalalari bilan ovora boiib, fotiha o`qish ham yodimdan chiqqan. Bir oz esimni yig`ib olgandan keyin majlisdagilarni ko`zdan kechirib chiqdim. Ko`plarini qaysi joydadir ko`rgandek bo`laman... Aniqlab qarasam umrimda ko`rmagan-tanishmagan yot kishilarga o`xshaydilar. Faqat ularning men bilan xuddi tanishlarcha muomala qilishlari, otimni atab chaqirishlari, qilgan ishlarimni so`rab, hatto boyagi istak chalpib yurganimni bilishlari — meni juda ham ajabga qoldirgan edi.

Oradan kimdir, bilmadim, g`olibo majlisning boshlig`i bo`lsa kerak:

—  O`sar akamga dasturxon yozilsin! — dedi. To`rda o`tirganlardan yana birisi unga qarshi chiqdi:

— Ilgari bir bazm qilib olaylik, so`ngra dasturxonga hammamiz baravar qaraymiz! — dedi va menga yuzini o`girib:

—  Siz ham bazmni sog`inib qolgandirsiz. Ilgari bazm qilaylik-a? — deb so`radi.

Mening qornim och bo`lsa ham, mehmonligim vajhidan uning fikriga qo`shilishdan boshqa choram yo`q edi.

Sozandalar sozlarini to`g`rilay boshladilar. Sozlardan tanbur, dutor, g`ijjak, rubob, chang, nay va daf kabilar menga tanish bo`lsalar ham, yana men ko`rmagan va bilmagan bir qancha sozlar ham bor edi. Sozlar sozlandilar, bir xil bosiq og`ir mashq chalina boshladi.

Mashq sihrlik edi... Men erga singib ketarlik darajada ezilmoqda, asirlanmoqda, ichimdan bir to`lqin kelib o`zimni qaerga urarimni bilmay entikmakka boshladim. Sozandalar hamon haligi bosiq mashqni sekin-sekin avjga chiqarib bordilar... Axir chidab turolmadim, piq-piq yig`lay boshladim. Nega va nima uchun yig`lar edim, buni o`zim ham bilmayman. Uzoq yig`ladim. Nihoyat mashq bitdi. Bitdi, lekin meni ham o`zi bilan birga bitirdi. Ikki tegirmon toshi orasida yanchilgan kishidek majruh edim. Qimir etgali majolim yo`q edi. Ko`zimni ochdim. Majlisdagilarning barchasi ham go`yo bir ko`zdan mening holimga kulib qarab turar edilar. Men o`z holimdan uyalib erga boqdim.

Sozlar yana ikkinchi mashqni chalish uchun tayyorlanar edilar. Lekin men haligidek mashqni eshitishdan bezor bo`lgan edim. Yuragim gup-gup urib qoldi. Boyagidek mashqdan yana birini tinglasam ehtimol ajalimdan burun o`lar, er bilan yakson bo`lar edim.

Ikkinchi mashq boshlandi. Mashq boshlanishi bilan butun vujudimga hayot suvi yugurdi. O`zimda allaqanday bir lazzat his qildim. Mashq g`oyatda shodlikli edi. Bu niashqqa ne deb ism berishni bilmayman.

Shu vaqt o`rtaga o`n besh-o`n olti yoshlik bir qiz kelib kirdi. Uning sochlari jingila-jingila, yuz va ko`zlari do`nduq, ustida yashil baxmaldan burma qilib tikilgan chiroyli delvagay kiyimi bor edi. Bir necha qadam chalishib o`rtada yurgan edi, oyog`idag`i qo`ng`iroqlari jing`irab ketdi. Qiz mashq bilan baravar o`ynay boshladi.

Mashq davom etar, go`yo nafis soz tovushining eli o`yinchi qizni g`ayri ixtiyoriy bir harakatga keltirardi. Dunyoga bir shodlik, bir ruh yog`adi, go`yoki o`liklar tirilarlar, erlar silkinarlar, tog`-toshlar kularlar, yulduzlar ucharlar, daraxt shoxlari titragandek bo`larlar.

Axir shodliklarim yuragimga sig`madi. O`z erkim bilan emas, allaqanday bir kuch o`tirgan joyimdan turg`uzib yubordi. Qizning yoniga kirib men ham o`ynab ketdim».

Oyim bilan xolam o`zlarini tutolmay kulib yubordilar. Mening bo`lsa ko`z o`ngimga dadamning o`ynagandagi ahvoli kelib to`xtagandek bo`ldi.

Dadam davom etdi:

— «Shunday, men o`ynay boshladim. Nima bo`lsa ham qiz bilan birdek o`ynamoqqa tirishaman. Qiz men bilan biroz o`ynab turgandan keyin o`rtadan chiqib bir chetga ketdi. Lekin men o`yinni to`xtatmadim, to`xtatish xotirimga ham kelmagan edi. Kishilar qars urib turadilar va meni masxaralagandek qiyqirib, og`iz-burunlarini qiyshaytiradilar, lekin men ularga parvo qilmay, o`yinni davom ettiraman...

Bir vaqt allanarsaga turtinib erga yiqildim. O`zimni o`nglab olib yana o`yinga harakat qilg`an edim, tag`in mukkamcha yiqildim.

Bir qancha vaqtdan so`ng o`nglanib o`rnimdan turdim va ko`zimni ochib tevaragimga qaradim...

Orada na kishilar, na sozlar va na boshqalar — hech kim, hech gap yo`q!.. Qop-qorong`i maydon, bir ariq ichida turibman...

  ***

Men dadamning bu ko`rgan hodisasini muallim afandiga so`zlagan edim, kuldi:

—  Vahima, xayolat! — dedi.

—  Chindan ham vahimmi, vahim bo`lsa kishida qanday voqi` bo`ladi? — deb so`ragan edim, afandim:

—   Kelasi juma bolalar o`rtasida bu to`g`rida ma`lumot beraman, sen ham shu majlisda hozir bo`lsang vahimning qanday voqi` bo`lishini bilib olasan! — dedi.

Men albatta juma kuni maktabga borib afandimizdan vahimning kishida paydo bo`lishini eshitaman. Vaqtingiz bo`lsa juma kuni siz ham boringiz.

ABDULLA QODIRIY

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1