“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–15-son, 10.01.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.
Qarorga ko`ra, 2024-2025 yillar uchun elektrotexnika tarmog`ini rivojlantirish bo`yicha asosiy maqsadli ko`rsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
- misni qayta ishlash quvvatini 2024 yilda 140 ming va 2025 yilda 160 ming tonnaga etkazish;
- mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024 yilda 30,8 trillion so`mgacha va 2025 yilda 38 trillion so`mgacha oshirish;
- mahsulotlar eksport hajmini 2024 yilda 1,5 milliard AQSh dollari va 2025 yilda 2 millard AQSh dollari miqdorida ta`minlash.
Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investisiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026 yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.
2027 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo`lmagan elektrotexnika tarmog`i korxonalariga foyda solig`i va mol-mulk solig`i bo`yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.
2024 yil 1 apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik etkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O`zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:
➖3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
➖2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
➖1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.
Qaror bilan shuningdek, 2024 yil 1 fevraldan O`zbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta`minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo`lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro`yxati tasdiqlandi.






