Avval xabar berganimizdek, Prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo`yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.
Shavkat Mirziyoev soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta ko`rib chiqish vaqti kelgani ta`kidlandi.
Jumladan, 40 mingta byudjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumandan Soliq qo`mitasida yangi tashkil qilinadigan Byudjet tashkilotlari inspeksiyasiga o`tkaziladi. Ushbu Inspeksiya to`liq raqamlashgan bo`ladi va G`aznachilik elektron tizimiga integrasiya qilinadi.
Shu kabi soliq qarzdorligi bilan ishlash bo`yicha ham qo`mita qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi.
Buning hisobiga, tumanlardagi qo`shimcha 200 nafar soliqchini “mahallabay” ishlash tizimiga o`tkazish imkoni bo`ladi.
Respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim bo`ladi.
Buning uchun Yirik soliq to`lovchilar bo`yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.






