Avval xabar berganimizdek, Prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo`yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda o`tgan yili byudjetdan 1,2 trillion so`mlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard so`mlik kamomad va o`g`riliklarga yo`l qo`yilgani aytildi.
Masalan, Jizzax politexnika institutida haqiqatda ishlamagan 110 nafar fuqaroga, qariyb 10 milliard so`m ish haqi hisoblab, noqonuniy o`zlashtirilgan.
Yoki, Namangan, Surxondaryo va Farg`ona viloyatlari “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyalari 18 ta ob`ektda amalda bajarilmagan 50 milliard so`mlik ishlarni hisobotlarga qo`shib yozgan.
Sergeli obodonlashtirish boshqarmasida aslida ishlamagan xodimlarga 4,3 milliard so`m to`langan.
Qo`shrabot ta`lim bo`limi buxgalteri tomonidan 3 milliard so`m naqd pul va 1,5 milliard so`m mablag` plastik karta orqali noqonuniy o`zlashtirilgan.
"O`zgidromet" rahbariyati byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan asossiz 1,3 milliard so`m ssuda olgan, shuningdek, o`zlariga bir necha karra ko`p mukofotlar yozib kelgan.
Davlat tashkilotlari rahbarlari o`zlariga asossiz ravishda mukofotlar va boshqa moddiy rag`batlantirish pullarini yozib kelayotgani bilan bog`liq holatlar tekshiriladi va mablag`larning byudjetga qaytarilishi ta`minlanadi.






