Hukumat qarori bilan Respublika davlat ta`lim muassasalarida dars o`tish uchun foydalaniladigan o`quv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko`ra, ta`lim muassasalarida dars o`tish uchun foydalaniladigan o`quv-uslubiy filmlar mavzulari Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Har yili 30 yanvargacha filmlarning tasdiqlangan mavzulari ro`yxati Kinematografiya agentligiga taqdim etiladi.
Shunga ko`ra, Agentlik tomonidan har yili 50 tagacha film ishlab chiqariladi.
Bunda filmlarning mavzulari o`quvchi va talabalar o`zlashtirishi murakkab bo`lgan fanlar, ularning asoslari, mavzulari (formula, teorema, qonuniyatlari) asosida shakllantiriladi.
Filmlarni joylashtirish uchun 2024 yil 1 aprelgacha o`quv-uslubiy filmlar portali va mobil ilovasi yaratiladi.






