Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga salbiy ta`sir etuvchi omillar ko`p. Ayniqsa, yolg`on chaqiriqlar sababli aksariyat hollarda tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga o`z vaqtida etib bora olmaydi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati yozdi.
Oqibatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolg`on qo`ng`iroq egasi va uning manzilini aniqlashtirish bilan ovora bo`ladi. Bu esa og`ir bemorlar hayotini xavf ostiga qo`yishi aniq.
— Raqamlarni tahlil qilsak, o`tgan 2023 yilda “103” xizmatiga jami 3505 ta yolg`on chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Quvonarlisi, mazkur ko`rsatkichni 2022 yil bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni sezilarli darajada kamayganini ko`rish mumkin.
Ammo shunga qaramay, ayrim hududlarda yolg`on murojaatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Tahlillar shuni ko`rsatadiki, 2023 yilning o`tgan o`n ikki oyi davomida eng ko`p bunday chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, bu raqam 630 tani tashkil etdi. Keyingi o`rinda 518 ta chaqiriq bilan Farg`ona viloyati joylashdi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 502 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolg`on chaqiriq esa Samarqand viloyatida ro`yxatga olindi — 19 ta!
Ma`lumot o`rnida aytish kerak, 2022 yilda Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 5 ming 446 ta murojaat yolg`on chaqiriq deb baholangan edi.
16.01.2024 15:52
2023 yil “Tez yordam”ga eng ko`p yolg`on chaqiriq qaysi hududdan kelib tushgani ma`lum bo`ldi






