AsosiyJamiyat

Namangandagi tug`uruqxonada homilador ayol 4 nafar egizak chaqalog`i bilan vafot etdi

'Namangandagi tug`uruqxonada homilador ayol 4 nafar egizak chaqalog`i bilan vafot etdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi tug`uruqxonada homilador ayol 4 nafar egizak chaqalog`i bilan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Aniqlanishicha, joriy yil 13 yanvar soat soat 21:10 da Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali 1-akusherlik bo`limiga Davlatobod tumani "Nurobod" MFY da yashovchi 2002 yilda tug`ilgan fuqaro M.M. kuchli tug`uruqoldi og`rig`i bilan og`ir ahvolda olib kelingan.

Qabul vaqtida unga "1-homiladorlik, 24 hafta 1 kun. Ko`p homilalik (to`rt egiz homila). Uretrogidronefroz 3-darajasi. Surunkali anemiya o`rta darajasi" dastlabki tashxisi qo`yilgan.

Ayolda mazkur homiladorlik tushish xavfi va uretrogidronefroz 2-, 3-daraja bilan kechgan. Shu sababli M.M. uch marta markazning homiladorlarni davolash bo`limida zarur muolajalar olgan.

O`sha paytda ayolning yaqinlariga 4 egiz homila muddatiga etib, tug`ilishi qiyin ekanligi va buyraklar uretrogidronefrozi 2-, 3-darajasi homilador salomatligida jiddiy asoratlar berishi mumkinligi haqida tushuntirilgan.

Ayol tibbiy nazoratda bo`lgan vaqtda unga antibakterial terapiya va distress sindrom profilaktikasi o`tkazilgan.

2024 yil 14 yanvar kuni soat 23:00 atrofida bemorda og`riq kuchayib, o`ta qisqa vaqtda homilaning patologik tushishi kuzatilgan. Homilalarning vazni 410 gr, 380 gr, 390 gr va 400 grammdan iborat bo`lgan.

Shundan keyin ayol bachadoni instrumental tozalanib, ginekologiya bo`limiga o`tkazilgan. Biroq 15 yanvar soat 06:50 da bemorning ahvoli keskin yomonlashib, unda klinik o`lim holati yuz bergan. Ayol darhol sun`iy nafas olish uskunasiga ulanib, birlamchi reanimasion choralar ko`rilishiga qaramasdan shu kuni soat 07:10 da unda biologik o`lim kuzatilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, bemorning o`limiga o`pka arteriyalarining massiv tromboemboliyasi va o`tkir yurak-qon tomir nafas etishmovchiligi sabab bo`lgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar