AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Eltech Industrial texnoparki tashkil etiladi

'O`zbekistonda Eltech Industrial texnoparki tashkil etiladi'ning rasmi

O`zbekistonda Eltech Industrial texnoparki tashkil etilmoqda. Maqsad — «yangi turdagi yuqori texnologiyaga asoslangan elektrotexnika mahsulotlari va ularning butlovchi qismlarini o`zlashtirish». Bu prezidentning 10 yanvardagi qarorida ko`zda tutilgan.

Texnopark Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Ohangaron Tech Industrial texnoparki negizida tashkil etilmoqda. Hozirda bu texnopark turdosh tarmoqlarda yuqori qo`shimcha qiymatga ega bo`lgan mis mahsulotlari va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha ilmiy-texnik klasteri hisoblanadi.

Texnopark hududi doimiy foydalanish huquqi asosida qo`shimcha 214 gektarga — 352 gektargacha kengaytirilmoqda. Inshoot mis mahsulotlari etkazib beruvchi korxona — Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidan 23,3 km uzoqlikda joylashgan.

Shuningdek, Eltech Industrial texnoparki boshqaruvi direksiyasiga Urganch shahridagi «Al-Xorazmiy» majmuasi hududidan 4 gektar, Farg`ona shahridagi "Eko shahar" hududidan 10 gektar qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er maydonlari ham beriladi.

Texnoparkni boshqarish uchun sohada ilg`or tajribaga ega xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etish ko`zda tutilgan.

Texnoparkni tashqi muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari (etkazib berish, ko`chirish hamda zarur infratuzilmani yaratish) bilan ta`minlash bo`yicha ishlar 2024 yilga mo`ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi tuproq boniteti 64,1 ball bo`lgan 2 gektar sug`oriladigan qishloq xo`jaligi erlari sanoat va boshqa maqsadlardagi erlar toifasiga oshxona havo tortish qurilmalari ishlab chiqarish uchun o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar