Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliev Turkiyaning "MINESSI A.S." kompaniyasi boshqaruv raisi Yasin Kaplanni qabul qildi.
Uchrashuvda Mirzaobod tumanida suv va energiya tejovchi texnologiyalarga asoslangan zamonaviy issiqxona majmuasini qurish loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, umumiy qiymati 500 mln AQSh dollarilik majmuada 750 ta doimiy ish o`rni yaratiladi. Uning o`ziga xosligi shundaki, u yagona tizimga ulangan 4 ta blokdan iborat bo`ladi. Sabzavotlar, qulupnay, gul va gul ko`chatlari, meva va mevali daraxt ko`chatlari alohida-alohida bloklarda etishtiriladi. Har bir blokda mahsulotlarga ishlov berish, saralash va qadoqlash uchun yopiq maydonlar tashkil qilinadi. Shuningdek, qadoqlash uchun zarur bo`ladigan gofrakarton va plastik idishlarni ham shu erning o`zida ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida quyosh va shamol energiyasidan foydalanilsa, keyinchalik 10 MVt quvvatga ega elektr stansiyasi qurilishi ko`zda tutilgan. Bundan tashqari, isitish uchun geotermal energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati bo`yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Mahsulotlar asosan BAA va Saudiya Arabistoni davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.
Viloyat rahbari loyiha uchun hududda barcha shart-sharoitlar mavjudligi va ushbu taklifni to`liq qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.






