1

Nega urishaveramiz?!

SUG'DIYONA 15.11.2016, 13:34
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
Nega urishaveramiz?!

«Er-xotinning urushi, doka ro`molning qurishi…» 
Bir kun janjal bo`lgan uydan qirq kun baraka qochadi, deyishadi qadimgilar. Haqiqatda, oilada ikki kishi bir-birini tushunmasa, bundan nafaqat ular, balki atrofdagi yaqinlari ham azob chekishadi. Keling, muammoli vaziyatlarni yaxshilik bilan hal qilish choralarini topish uchun avvalo, oiladagi janjal kelib chiqishining asosiy sabablarini o`rganib chiqamiz.   

Rashkdan yonmang!
Avvalo, tinchlaning! Endi yaxshilab mulohaza qiling, rashkka nima sabab bo`layapti?  Ko`ngil g`ashligi tufayli turmush o`rtog`ingizga turli ayblov yuklayotgan bo`lsangiz, olg`a! Haq ekanligingizni isbotlang. To`polon ko`taring, rashk qiling, qo`l telefoni va cho`ntaklarini kavlab, xiyonatga isbot qidiring. To`g`ri-da, axir shamol bo`lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, ko`ngil aldashi mumkin emas. Faqat... bu ishlarni boshlashdan avval, oqibati nima bo`lishi haqida o`ylab ko`rdingizmi? Ajrashishga tayyormisiz? Shuncha mehnat bilan qurilgan oila poydevorini buzib tashlashga ko`zingiz qiyadimi? 

Minnat qilavermang!
Ayrim ayollar oila boshining uyga olib kelayotgan ro`zg`orini xuddi u bunga majburdek qabul qilishadi. Er ham o`z o`rnida xotinini shirin taom, tekis dazmollangan kiyim, uydagi orastalik uchun maqtab qo`yish lozimligini unutadi. Oddiygina ikki og`iz so`z bu holda masalani ijobiy hal qilishi mumkin. Shunda mehnati qadrlanayotganini sezgan juftlikda bu haqda bir-biriga eslatish zarurati tug`ilmaydi. Masalan, «Menga umuman yordam bermaysiz» jumlasi o`rniga «Tansiqroq taom tayyorlay degandim,  ammo bolalarning dars qildirishga ulgura olmayman», deyish mumkin. «Mening tashqi ko`rinishim qanday ekanining sizga umuman qizig`i yo`q» gapini «Azizim, ko`rinishimni maqtab gapirsangiz, yaxshi ko`rib ketaman sizni»ga almashtiring. 
 
Talablarni chegaralang!
Masalan, romantik bo`lmagan erkakdan kutilmagan «sryupriz»larni kutmang. Axir turmush qurishdan avval uning qanday ekanini bilgansiz. Umuman erkak kishidan har tomonlama mukammal bo`lishni, doimiy e`tiborni talab qilish noto`g`ri. Axir u oilani ham boqishi, ishlashi kerak-ku! Tabiiyki, ishdan charchab kelgach, injiqliklaringizni ko`tara olmay, zarda qiladi. Qarabsizki, ikki qo`ldan chiqayotgan qars bahona uy yana janjalxonaga aylanadi. Ba`zida vaziyatni ayol bo`lsangiz-da o`zingiz qo`lga olishingiz zarur. Romantikani sevsangiz, uni yaratish uchun rang-barang tasavvuringizni ishga solib ko`ring. Ikki-uch safardan keyin turmush o`rtog`ingiz ham bunga hissasini qo`sha boshlasa, ne ajab?!

Xatolar ustida ishlang!
Turmush o`rtog`ingizga nisbatan minnat, ayblov, noroziliklaringiz bo`lsa, bir varaq qog`ozni olib, yarmiga uning sifatlarini, yarmiga bo`lsa, kamchiliklarini yozing. Ba`zi kamchiliklariga ko`z yumishga yoki masalani yaxshilik bilan hal qilishga rozimisiz? Uydan urush chiqayotganini sezganingiz zamon shu qog`ozchaga bir qur nazar tashlab oling. Uning keyingi payt qilgan uchta yaxshiligini eslab, bu uchun minnatdorchilik bildirib qo`ying! 
 
Qaynona qaynamasa, kelinlar aynimaydi!
Bu muammo tug`ilgan oilada vaziyatni mo``tadillashtirishning yagona yo`li erkak kishining o`rtaga tushmasligidir. Er bechora onasining yonini olaman desa, xotini arazda, aksi bo`lsa, volidasining ko`ngli og`riydi. Shu sabab, kelinidan noligan qaynonaga «Oyi, o`ziga tushuntiring, tushunadi» deyish, rafiqasini esa «Onam sen haqingda hech yomon gapirmaydi», deb yupatish kerak. Shu orqaligina o`rtadagi muvozanatni bir maromda ushlab turish mumkin. Nasib qilsa, qaysar qaynona buviga, o`jar kelin onaga aylanadi. Endi ularning bor e`tiborini bolalarga qaratiladi va o`zaro til topishib ketishadi. 

Bolalar sabab janjallashish?!
Ota-onasining urishayotganini ko`rgan bola o`zini aybdor his qila boshlaydi. Yana unutmang, kichkintoylar kattalarning baland ovozidan qo`rqishadi. Bu vaqtda ular o`zlarini hech kimga keraksizdek his qilishadi. «Meni hech kim yaxshi ko`rmaydi», deya o`ylaydi jajji bolakay va bu kabi xayollardan hattoki kasal bo`lib qolishi ham mumkin. Kattalarning janjalidan bolakaylar o`zlarini ayblashi isbotlangan ilmiy fakt. 
 
Qisqa tanaffus
Janjal boshlanayotganini sezganingiz zamon xonadan tezda chiqib keting. Jahl qilmay, zardasiz, oddiygina qilib baxsni to`xtating, tamom! Qanaqasiga deysizmi? Janjal vaqtida hech narsani isbotlay olmasligingizni eslashning o`zi kifoya. Barcha masalani xotirjam suhbatlashib hal qilgan yaxshiroq. 

Solishtiruv
Eringizni boshqa erkaklar bilan solishtirmang. Unutmang, u sizning jufti halolingiz! Dugonangizning oilaparvar eri boshqa! Siz ham dugonangizni takrorlamaysiz-ku, to`јrimi? Buning ustiga, erkak zotiga bunday ma`nisiz solishtiruvlar aslo yoqmaydi. Aksincha, katta janjallarga sabab bo`ladi. 

Erga ma`shuqa bo`lmoq san`ati
O`sha erlarni o`ziga qaratib oluvchi jodugarlar ham aslida ozmuncha ter to`kishmaydi. Latofatli, didli, nozik xatti-harakat sohibasiga siz ham aylana olasiz. Farzandingiz ayb ish qilsa, har qancha sabringiz to`lsa-da, otasi borida baqirib-chaqirmang. Unga shirin gaplar bilan muomala ham qilib turing. 

Organizm bilan uyg`unlashing!
Kuniga necha soat uxlayotganingizni hisoblab ko`ring. Agar ko`rsatkich 6,5 soatdan kam bo`lsa, vaziyatni o`zgartirish kerak.

Endokrinolog yoki nevropatolog qabuliga borib qo`ring. Balki organizmda biror fiziologik yoki gormonal o`zgarish ketayotgandir. 

Tushkun kayfiyatni nima chaqirayotganini aniqlang. Masalan, toksikoz, emizish davri, yangi sharoitga ko`chish yoki ko`nikish, iqtisodiy qiyinchilik, oila a`zolaridagi o`zgarish. 

Janjal chiqmasin desangiz… 
Jizzakilikni nazorat qilish ustida ko`proq ishlang. Psixologik adabiyot yoki malakali ruhshunos bunda sizga yordam beradi. 

Urush chiqqanida hech qachon ota-ona yoki ular bilan bog`liq gaplarni tilga olmang. Bu turmush o`rtog`ingizda chuqur alam uyg`otib, qonini qaynatib yuboradi.  

Munosabatni och qorin, charchagan yoki uyquga to`ymagan paytda hal qilmang. Urushga tortayotganlarini sezsangiz, voqea joyini darhol tark eting. 

Eng muhimi, nima bo`lishidan qat`i nazar o`qilgan sahifani qayta-qayta o`qib yomon xotiralar bilan juftingizni ayblamang. Bo`lar ish bo`lib o`tdi, uni kechirdingiz. Davomiga nuqta qo`yib yangi, chiroyli xotiralarni kashf etishga eng shimaring! Keyingi sonlarimizda esa oila buzilishiga sabab bo`luvchi omillar va ularni bartaraf etish yo`llari haqida mulohaza yuritamiz.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1