Hindistonning Kochchi shahrida yigirma yoshgacha bo`lgan yigit-qizlar o`rtasida kurash bo`yicha VIII jahon chempionati o`tkazildi. Nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli qatnashgan polvonlarimiz 9 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo`lga kiritdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Kurash xalqaro assosiasiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda dunyoning ellikdan ziyod mamlakatidan besh yuzga yaqin sportchi 15 vazn toifasida g`oliblik uchun o`zaro bellashdi.
Chempionatda barcha raqiblarini mag`lubiyatga uchratgan Ruslan Bo`riev, Shahram Ahadov, Rahmatullo Nuriddinbekov, Husniddin Husanov, Bekmurod Oltiboev, Rahima va Mahliyoxon Yo`ldoshevalar, Muxlisa Abdumalikova, Umidaxon Mirhamidova shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy egalladi.
Abdulaziz Hamroev, Sadam Ahmetov, Sarvar Ikromov kumush medal bilan taqdirlangan bo`lsa, Ro`zimboy Eshjonov bronza medaliga sazovor bo`ldi.
Chempionatda O`zbekiston yoshlar terma jamoasi "eng yaxshi jamoa", deb tan olingan bo`lsa, Bekmurod Oltiboev "eng yaxshi kurashchi", deb e`lon qilindi.
Shuningdek, Kurash xalqaro assosiasiyasining XVI kongressi bo`lib o`tdi. Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag`ishlangan xalqaro turnir tashkil etish haqida O`zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari M.Aliev tomonidan berilgan taklif ishtirokchilar tomonidan ma`qullandi. Mazkur turnir birinchi marta 2017 yil Toshkent shahrida o`tkaziladi.
AQSh, Shveysariya, Kamerun va Nepal kurash federasiyalari assosiasiyaga a`zolikka qabul qilindi.
15.11.2016 09:29





