1

Murod Muhammad Do`st. Darvoza yonidagi it (hikoya)

Mutolaa 26.01.2024, 23:31
Murod Muhammad Do`st. Darvoza yonidagi it (hikoya)

Olapar tun bo`yi uxlamadi. Boshini salgina ko`tarsa bas, miyasida mislsiz og`riq uyg`onar, «lo`q-lo`q» urib, chanog`ini yorib chiqadiganday bo`lar edi. U tumshug`ini erga qo`yib yotarkan, og`riqqa chidolmay, ora-sira uvlab qo`yardi.

Sahar payti edi. Olaparni chap yag`rinidagi itchivin qattiq chaqdi. U keyingi oyog`ini uzatib, itchivin chaqqan joyini qashladi. O`rnidan qo`zg`alishga urindi, lekin biqini kuydirgudek bo`lib achishdi. U yonboshiga ag`darilib, bir-ikki silkindi-da, jimib qoldi. Shu vaqt qaerdandir hali dumi kesilmagan itvachcha yugurib kelib, Olaparning tumshug`ini yalay boshladi. Uning tili issiqqina edi... Olapar huzur qilib g`ingshidi... Ko`p o`tmay, itvachcha zerikdi shekilli, ingichka dumini bilanglatgancha, o`ynoqlab-o`ynoqlab nari ketdi. Keyin u ortiga qayrildi. Olaparning poyida yotgan suyakni ko`rib, yana qaytib keldi. Itvachcha burun parraklarini kerib, havoni bot-bot xidladi. Olaparga suqatoylik bilan tikildi. Olaparning qorni och edi, lekin u sho`x kuchukchani koyishga erindi, suyak ustida yotgan oyoqlarini yig`ib oldi. Itvachcha behad sevindi, minnatdorlik yuzasidan Olaparning dumini tortqilab o`ynadi, so`ng suyakka tashlandi. Uning tishlari nozik edi, qoq suyakni g`ajishga kuchi etmadi. Itvachchaning hafsalasi pir bo`ldi, lekin suyakni qoldirishga ham ko`zi qiymadi, uni kichkina jag`lari orasiga qistirdi. Tezda juftakni rostlashdan or qildi shekilli, go`yoki Olaparni  mensimaganday... xunuk irillab qo`ydi-da, atayin chayqalib-chayqalib uychasiga ravona bo`ldi. Shu asnoda barglari siyraklashgan gujum shoxidagi xo`rozlar ustma-ust ququlab yuborishdi, so`ng o`zlaridan mamnun bo`lgandek, qanotlarini osiltirib, «qu-g`uq, qu-g`uq», — deyishdi. Itvachcha avvaliga qo`rqdi, jag`idagi suyak «tap» etib erga tushdi. U daraxt tagiga kelib, kutilmaganda qichqirgan beadab maxluqlarni kuzata boshladi, ularning ko`pam dahshatli emasligini anglab, yarashiqsiz ovozda akillab berdi. Itvachcha nihoyat, tinchlandi-da, uychasiga kirib ketdi.

Atrofga sukunat cho`kdi. Olapar qimirlamay yotganicha hayol surardi. U onasini — uzun elini osilgan yuvosh itni esladi. Ona it qishloq chetidagi xarobazorda bolalagan edi. U odamlarga yaqinlashmas, nuqul dashtga chiqib, sovuqda harom qotgan jsnivorlarning kalla-pochasini tashib kelardi. Olaparning ikkita akasi va singlisi bor edi. Ular chirik xashak ustida qunishib yotishar, ayoz kuchaygan paytlarda ona itning pinjiga tiqilishar, u bo`lmaganida, yaxlit qoramtir tepachaga aylanib, bir-birlarini isitar edilar. O`sha qish juda sovuq keldi. Keyin yana bahor qaytdi, iliq kunlar boshlandi. Bahorning oxirrog`ida ona it bolalariga semiz ilon opkeldi, so`ng o`zi o`t-o`lanlar ustiga yotdi-yu, boshqa o`rnidan turmadi. Itvachchalar qiynalib qolishdi. Rahmdil bir o`tkinchi Olaparni uyiga olib ketdi. Unga sut, ivitilgan non berishdi...

Olapar hazin g`ingshidi. Yana onasini, uning muloyim nigohini xotirladi. Bundan ta`sirlandi chog`i, qanshari achishib, badani sanoqsiz itchivinlar chaqqandek qaltirab ketdi.

Ro`paradagi so`rida nimadir shitirladi. It ko`zlarini ochdi. Ustiga namat yopilgan savatning bir tomoni ko`tarilib, oraliqdan kattakon qora mushuk sirg`alib chiqdi. U so`rining chetiga kelib ohista kerishdi, so`ng sakrab erga tushdi. Uning tumshug`i qaymoqqa belangan edi. Mushuk Olaparni pisand qilmay, xunuk miyovlab qo`ydi-da, tumshug`iga ilashgan qaymoqni yalay boshladi. U ilgarilari Olapardan qo`rqar edi. Itni ko`rganida har tuki ignaday tikkayib, o`takasi yorilguday bo`lib pixillar, jonholatda gujum tepasiga chiqib ketardi. Endi bo`lsa... Olaparning xo`rligi keldi, mushukning sur betini ko`rmaslik uchun ko`zlarini qaytadan yumib oldi.

Tongotarda itni uyqu elitdi. U tushida onasini ko`rdi. Keyin uni xo`jayin chakmonining bag`riga solib, uyiga opkeldi. Unga siri ko`chgan sopol tovoqchada sut berishdi. Xo`jayinning bolalari suyib erkalashdi, uning jajji oq-qora xoldor panjalarini o`pib, yuzlariga surkashdi... Birdan bu lahzalar ortga chekindi. It o`zining keksaligini, gujum tagida uzzu-kun qimirlamay yotganini ko`rdi.

Xo`jayinning kenja o`g`li bir parcha go`sht keltirib, uning yalog`iga tashladi. Olapar surgalib, idishga yaqinlashdi. U endi go`shtni hidlab turganida, uydan xo`jayinning xotini chiqdi va o`g`liga bobillab berdi:

— Nima, tuyang qal`adan qatnab yotibdimi? Hu, go`sht sani ko`r qilgur! Yashshamagur!

Olapar cho`chib uyg`ondi. Kun choshgohga yaqinlashgan, quyosh pastak devor ustiga mingandi. Itning ko`zlari qamashdi. U quloqlarini dikkaytirib, atrofga quloq soldi. Xo`jayinning xotini mo`rcha tarafdan javrab kelardi. Olapar sergaklandi: ayolning jahli chiqsa, alamini itdan olardi. Hozir u serbarg xashaki olmalar tagidan yurib kelar, qo`llari kir solingan tog`ora bilan band edi. Hovlida bolalar ko`rinmasdi. Ular allaqachon maktabga jo`nagan edilar. Olapar gujum yonidagi uychaga ko`z tashlab, kecha peshinda paydo bo`lgan itvachchani ko`rdi. Itvachcha tungi o`ljasi — qoq suyakni zo`r berib kemirar, ahyon-ahyonda Olaparga shubhali qarab qo`yardi. Olapar undan suyakni tortib olmoqchi bo`ldi. Endi joyidan qo`zg`alganida, itvachcha suyakni unutib, uyga tomon otildi. Eshik og`zida ko`zlari uyqudan shishinqiragan xo`jayin turardi. Itvachcha yugurib kelishda xo`jayinning tizzasiga yopishdi, uning oppoq ishtoniga so`lagini oqizib, o`zicha muhabbat izhor qilgan bo`ldi. Uning qilig`i Olaparga yoqmadi, u xo`jayinni dunyodagi hamma itlardan, hatto xotinlardan ham qizg`anardi. Olapar tiyiqsiz itvachchani bo`ynidan tishlab, baland supa ustiga irg`itib yuborishga xezlandi. Keksa taniga g`azabli kuch quyildi... Lekin shu topda kutilmagan hol ro`y berdi: itvachcha xo`jayinning tizzasini qo`yib yuborib, alamidan qaltirayotgan Olaparning bo`yniga osildi, dumini jilpanglatib, uning terisini tishlab tortqilay boshladi. U o`zicha: «Qo`y, sen ko`pam jahllanma... axir men shunchaki...» — demoqchi bo`lardi. Olapar bir zumda hovridan tushdi. Itvachchani ozroq erkalatdi, so`ng asta qulog`idan tishlab yo`lidan chetlatdi-da, xo`jayinining yoniga bordi.

— Ha, Olapar! Obbo san-ey... — xo`jayin itning boshini siladi. — Fig`oning chiqdi-yov... It degan munaqa jahldor bo`lmaydi-da. Qo`y, kuyunma, oshna, u sanga jo`ra bo`ladi.

Olapar uning gaplarini tushungan kabi sekin g`ingshidi.

— Xotin! Hoy xotin!— chaqirdi xo`jayin. — Bu Olaparing och qoptimi deyman, qorni ja puchayib ketibdi. Kecha yaloqqa qaramabmiding?

— Xudo ursin o`sha go`rso`xtani! — ayol qo`lidagi tog`orani tars etkizib so`riga qo`ydi.— Ko`tara savlat, it siyog`i yo`q! Kechasiminam bir marta vov demaydi, go`rso`xta... Tunda sutni ichib ketibdi.

— Olaparmi?! — xo`jayin yoqasini ushladi. — Yolg`onni aytasan-ov, xotin! Voy, saning yolg`on o`rgatgan piringni!.. Ko`rsam, naq po`stagini qoqaman-a... Qachondan beri Olapar o`g`ri bo`pti?

— Nima, man Olapar dedimmi? Anavi Hamid g`alchaning mushugi-da... Oq mushugi bor-u, o`sha sutni ichadi-da... Melnxol buvi bekorga dod-voy qiladimi? Bir balosi bordirki, dodlaydi.

— O`zingning qora mushugingni ayt. Uyam farishta emasdir-ov... — e`tiroz bildirdi xo`jayin.

— O`zimniki uyda yotuvdi. Qulog`ingiz kar bo`lgan, ko`rpangizdagi mushukning xurragini eshitmaysiz.

— Hah! Sanam rosa olasan-da, xotin! Namuncha mushugingni avaylab qolding? Asli xotinminam mushukning mijozi bir. Mani aytdi dema, muni Mahammat payg`ambarimiz aytgan.

— He, o`lsin, shu mushugingiz!.. Xotiningizam o`lsin. Hammasiga manavi Olapar, go`rso`xta aybli. Tun bo`yi cho`zilib yotadi. Shuyam itmi? Ma`rakaning ziynati, oshu nonning ofati. Turqiyam haligi ochofat Rasulga o`xshaydi. He, o`lsin!..

— Hov, itga til tegizma, xotin! O`nta Rasuling Olaparning tirnog`iga. arzimas Buning yoshligida bo`ri olgani yodingdan chiqdimi? Bilib qo`y, it — vafo, xotin — jafo.

— Voy mani tuqqan sho`rlik enaginam!— xotin kutilmaganda ho`ngrab yubordi. — Voy, man o`lay! Hali sizga bitta harom itcha bo`lmadimmi? Man o`la-ay!..

Ayolning qahri keldi. Qo`lidagi kir sovunni Olaparga otdi. It o`zini chetga olishga ulgurdi. Sovun uchib kelishda xo`jayinning qoq tizzasiga tegdi. Olapar so`ri ortiga o`tib, asabiy xotinga achinganday... xiyla ma`nodor qarash qildi.

Agar xo`jayin ham anchayin bosiq bo`lganida, ehtimol, keyingi falokatlar bo`lmasdi...

Er-xotin mushuk ichgan sut jazasidan urishib qoldilar. Ular o`zaro so`kishib, uyga kirishdi. Ich-karidan sandiq qopqog`ining taraqlashi, taxmondan olinib, uy o`rtasida otilgan ko`rpalarning gupillagani eshitildi. Aftidan, ular ro`zg`orni ajrim qilishardi...

Oradan bir qumg`on qaynagulik vaqt o`tdi. Janjal ham tugadi. Ora-sirada ayolning burnini tortib, o`ksingani eshitilardi. Xo`jayin uydan xomush bo`lib chiqdi. U boshiga eski ko`k qiyiq bog`lagan, egnida qalin chakmon bor edi. Xo`jayin qo`lidagi qo`shog`iz tasmasini elkasiga solarkan, itni «mah-mah», — deb chaqirdi. Olapar yurak betlamay unga yaqinlashdi. Xo`jayinning yog` bosgan kirza etigini, miltiqning sovuq quvurlarini hidlab ko`rdi-da, sevinchdan vovillab qo`ydi. Miltiqdori hidi unga judayam tanish edi... It tulkilar izg`iydigan qirlarni ko`z oldiga keltirdi, dimog`iga burganlarning xush bo`yi urilganday bo`ldi..

Xo`jayin darvozani ochib, itni chaqirdi, uning bo`yniga chilvir bog`lab, asta-sekin etaklab ketaverdi. Olaparning ko`ngli g`ashlandi. Ilgari ovga chiqishganda xo`jayin itning bo`yniga chilvir solmas, uni o`z holiga qo`yib yuborib, yo`l-yo`lakay «Qaro ko`zim...»ni xirgoyi qilardi. Endi u jim... mum tishlaganday jim ketyapti.

It va xo`jayin ikki chekkasida jiyda, tikanli butalar o`sib yotgan sertuproq yo`ldan borishardi. Paxsa devorli hovlilarda jimlik hukm surardi. Odamlar qishloq etagidagi polizga ketishgan. Hosili yig`ilgan tomorqalarda podadan qochgan sigirlar makka ildizlarini tortqilab yurishibdi.

Ular yo`lda pochtachiga duch kelishdi. U mo`ynasi to`kilgan yag`ir telpagini qiyshiq kiygan, qandaydir bir navoni ming`illab aytar, kerakli hovliga tenglashganda eshagini bir zumgina to`xtatib, xurjundagi gazeta, xat va jurnallarni olar, ularni devor osha tomorqa uvatlariga irg`itardi. Pochtachi xo`jayinga salom berdi, lekin xo`jayin chindan eshitmadimi yoki jo`rttaga o`zini merovlikka soldimi, ishqilib, salomga javob qaytarmadi. Pochtachining jahli chiqdi. Palag`da tovushda qurtdakkina so`kinib, irg`ay xalacho`p bilan eshagining sag`risiga tushirdi. Bechora eshak zarbdan chapga mayishdi, «tap-tap» yurgan ko`yi yo`l chetidagi loyxandaqqa yaqinlashdi. Pochtachi uzangidan oyoqlarini chiqarib sakrashga shaylandi, lekin eshak oxirgi soniyada g`aroyib bir chapdastlik bilan yana o`nglanib oldi va jon achchig`ida tuproqni to`zg`itib yo`rg`alay ketdi.

Olapar va xo`jayin qishloq o`rtasidagi soylikdan o`tib, zarang yo`lga tushdilar. Bu yo`lning uchi kaftdek sayhonlikka turtib chiqqan qirlarga borib taqalar, o`sha joyda so`qmoqlarga bo`linib, qir yonbag`irlari, soyliklar bo`ylab, uzoqda ko`karib turgan yassi tog`liklar tomon yugurib ketar edilar. Xo`jayii soylikka eltadigai so`qmoqni tanladi, shu so`qmoqdan yarim chaqirim yurilgach, o`ngdagi yantoqzorni oralab, jar labiga keldilar. Itning bo`ynidagi chilvir ancha uzun edi. U jar devoriga qiyalanib kirgan nim dahanasimon chuqurga tushib, u erdagi inlarni birma-bir hidlab chiqdi. So`ng pastga qaradi. Jar tubida sel oqizib kelgan toshlardan boshqa narsa ko`rinmasdi. Olapar atrofni itlik idroki etgunicha, xiyla sinchiklab tekshirdi, keyin «meni nega opkelding» degandek, xo`jasiga boqdi. Xo`jayin hamon tund edi. U itni yoniga chaqirib, boshini siladi. Olapar xo`jasining sovuq barmoqlari titraganini payqadi. Xo`jayin chilvirni jar labidagi burgan tupiga bog`ladi. So`ng yigirma qadamcha nariga borib, ortiga qayrildi. Olapar xo`jasining g`alati qilig`ini tushunolmadi, oldinga talpindi. Lekin burgan poyasi mustahkam edi, chilvir taranglashib, itning tomog`ini bo`g`ib qo`ydi.

— Tek tur, Olapar!..

Olapar xo`jasining amriga bo`ysundi. Chilvir salqi tortdi, itning tani ham bo`shashdi. Xo`jayin elkasidagi qo`shog`izni olib, unga to`g`riladi. Olapar buni ham tushunmadi, bir jarning narigi qirg`og`iga, bir xo`jasiga qiziqsinib tikildi. Xo`jayin tepkiga bormoq tegizdi, lekin bosishga jur`at qilmadi, chuqur uh tortib, miltiq qo`ndog`ini erga qo`ydi, dag`al chakmonining barini ko`tarib, peshonasini artdi. So`ng yana itni mo`ljalga oldi.

Endi bu o`yin Olaparni butkul mahliyo etdi; u xo`jasining tez-tez ko`tarilib tushayotgan kekirdagidan ko`zlarini uzolmay qoldi.

Miltiq otildi... It jar tubiga uchib tushdi. Olddagi chap oyog`i qirrador toshga tegib, qirsillab sindi. Uzilgan chilvirning bir qulochi bo`yniga ilonday o`raldi. U og`riqqa chidolmay, ovozi boricha vangilladi, boshi chirpirak bo`lib aylanib ketdi...

...Olapar tumshug`iga tushgan iliq tomchilardan hushiga keldi. Tepasida xo`jayin cho`kkalab o`tirardi. U itning majruh oyog`ini avaylab qo`llariga oldi. Olapar g`ingshimadi, jag`larini mahkam qisib, xo`jasiga qaradi. Xo`jayin yum-yum yig`lardi.

— Tegmabdi...  

U afsuslanib bosh chayqadi. O`q itga lat etkizmagan, tabiiy muhofaza tuyg`usi hali miltiq quvuri olov purkamay turib, Olaparni jarga uloqtirgan edi.

— Mani kechir, oshna... — xo`jayin engashdi, yuzini itning boshiga tegizdi. — Sani sig`dirmasa nima qilay?.. Bilasan, o`sha tunda begona odamni tishlaganingdan beri yomon ko`radi. Shungayam besh yil bo`pti. Ilojim qancha, oshnam... O`rtada bolalar bor, ajralib ketolmasam... Mangayam alam qiladi... Oson deb o`ylaysanmi? Eh, odam bo`lganingda hammasini bilarding... Lekin bo`lmaganing ma`qulroq. San bir itsan, o`lishing ham osonroq... Endi keksayib qolding... Ma, go`shtni egin,— u belbog`ini echib, bir parcha go`sht olib tashladi.— Sanga deb o`g`irlab chiqdim... Endi shu erda o`laqol, Olapar... Ertaga o`zim ko`mib qo`yaman. Axir uyga borib nimayam qilasan?.. Sani xo`rlashadi...

It yana hushini yo`qotdi. Xo`jayin uni o`lgan fahmlab, tepasida bir necha daqiqa mung`ayib turdi, so`ng jarning qiyaroq joyidan tirmashib yuqoriga chiqdi. Ust-boshini qoqib, bukchaygan ko`yi, tez-tez yurib, jar labidan uzoqlashdi.

Olapar vaqt peshindan oqquncha goh hushyor, goh behush bo`lib yotdi. Tashnalikdan jag`lari qurib, karaxtlandi. U ko`zlarini ochib, jar labiga qo`ngan ikkita zog`ni ko`rdi. Tepada ko`ringan osmon parchasida tasqaralar to`dasi ohista suzib yurardi. It kuni bitayotganini sezdi, go`yoki shu tuyg`uni quvlamoqchi bo`lgandek, cho`zib-cho`zib ulidi. Zog`larning hafsalasi pir bo`lib, kunbotarga uchib ketishdi. Olapar bir amallab joyidan qo`zg`aldi-da, jar devoriga tirmashdi. Majruh oyog`i zirqirab ketdi, ko`zlarida o`t chaqildi. U og`riqni pisand qilmay, tirnoqlarini soztuproqqa botirdi. Lekin jar devorining yarmiga etmasdan darmoni quridi, paylari bo`shashdi, pastga gurs etib quladi-yu, boshdan-oyoq sarg`ish changga belandi. It alamidan achchiq g`ingshidi, so`ng taqdirga tan bergandek, boshini quyi solib, jar tubidan hakkalab keta boshladi. Jarlikdagi toshlar, tikanli butalar junlarini yulib, badanini qonatib yubordi. Nihoyat, oyoq ostida nam ko`rindi. Olapar yurishini tezlatdi. Jarning quyi tarafi kengayib, oldinda kichik botqoqlik paydo bo`ldi. It botqoqni qoplagan beso`naqay yalpiz poyalari orasidap o`ta turib, bexosdai buloq havzasiga tushib ketdi. Buloqda suv mo`l edi. Lekin it chanqog`ini bosolmadi, suvdan qon va junning qo`ng`irsiq hidi kelardi. Olapar havzadan chiqqan jilg`ani kechib, tegirmon xarobasigacha bordi. Bu paytda quyosh ufq g`uboriga cho`mgan, qip-qizil shafaq xaroba tegirmonning qolgan-qutgan devorlarida, bog`dagi daraxtlar libosida yal-yal yonardi. It choshgohda kelgan yo`liga tushib oldi.

Poda qaytmoqda edi. Sigirlar hakkalab kelayotgan Olaparni ko`rib, tahdid bilan pishqirdilar. Kichik bir novvos poda ortida qolib, itning yo`lini to`sdi. Ko`zlarini olaytirib, suzishga shaylandi. It unga parvo qilmadi, sal chaproqdan yurib, o`z yo`liga ketaverdi. U uyga etguncha uzoq yurdi. Iliqqan itlar galasini, ko`chaga supurindi chiqarib tashlayotgan kampirni uchratdi. Itlar unga daxl qilishmadi, kampir bo`lsa, hokandozning uzun dastiga suyanib turganicha g`alati bosh chayqadi.

Olapar xo`jayinning uyiga kelganida atrof qorong`i edi. Itning dimog`iga qovurdoq hidi urildi. O`choqda yonayotgan olov shu`lasi tambalangan darvoza yoriqlaridan erga taram-taram bo`lib tushardi. Olapar darvozadan beriroqqa g`ujanak bo`lib yotdi. Bir ozdan so`ng ichkaridan bolalarning chug`ur-chug`uri eshitildi. It quloqlarini ding qildi.

— Oyi, oyijon! Borayliik... — yalinchoqlik qilishardi bolalar.

— Bor, boraver!.. O`sha itminam qo`shmazor bo`linglar! — o`shqirdi ayol. — Ertaga otang kelsin, naq go`shtlaringni o`ydiraman!

Olapar seskanib tushdi. Yana o`sha jarlikka, yalang toshlarga qaytib borgisi keldi. U endi o`rnidan turganida, darvoza tambasi sharaqlab, hovlidan xo`jayinning o`g`ilchasi chiqdi.

— Kelaver, Banno, kelaver... — u singlisini chaqirdi.

Bolalar darvozani yopib, qorong`ilik bag`riga qo`rqa-pisa tiqilishdi.

— Vuy, aka! Qaya, Olapay! — qizcha sevinchidan qichqirib yubordi.

Ular Olaparga yaqin kelishdi. Bola itning bo`ynidan quchoqlab oldi. Qizaloq bo`lsa, uning tumshug`ini silar, hadeb «Olapay, Olapay...» — deb chuldirardi. It majruh oyog`ini osiltirib turaverdi.

Bolalar uning yarador ekanini payqashmadi ham.

— Banno, man sovqotdim, — dedi bola ozroq o`tgach -  Qara, Olaparing ho`l ekan... Man ketaman.

— Ketma, aka. Ozyoq tuyaylik...

— Man ketaman, o`zing qolaver.

— Biy o`zim qo`yqaman.

Bolalar salqindan diydirashib, hovliga tomon yurishdi. Qizaloq darvoza yonida turib, chaqirdi:

— Kiy, Olapay, qiyaqol...

Olapar darvozaga yaqinlashdi, lekin bolalar harchand tavallo qilishmasin, ichkariga oyoq bosmadi.

Atrof jimjit bo`lib qoldi. Olapar zax erga cho`zildi. Jarohatdan anchagacha azob chekdi, so`ng karaxtlanib uyquga ketdi. Tushida xo`jasi bilan ov qilib yurganmish... Ular tog` etaklariga borishdi. Yantoq tupi ortidan tovushqon chiqdi va o`ngi so`liga qaramay qocha boshladi. Xo`jayin: «Chop, Olapar! Chop, oshnam, u seniki bo`ladi!» —deb qichqirdi. Olapar tovushqonni quvlay boshladi. Kutilmaganda tovushqon beli ingichka qora mushukka aylandi. Itning chandon g`azabi oshdi, kuchiga kuch qo`shildi. Endi mushukka etay deganda, ro`parada chuqur jarlik paydo bo`ldi. Mushuk kamalakday egilib, narigi tarafga sapchidi. Olapar ham sakradi, lekin u jardan o`tolmadi, pastga toshdek quladi. It jar tubiga urilib, chilparchin bo`lishini kutarkan, vujudi borgan sayin kichrayaverdi. Birdan Olapar par sin-gari engil bo`lib qoldi, so`ng tushday shaffof, beozor fazo qo`ynida qaylargadir ohista suzib ketdi...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1