AsosiyJamiyat

Ekologiya vaziri Toshkent havosi ifloslanishining asosiy manbalarini sanadi

'Ekologiya vaziri Toshkent havosi ifloslanishining asosiy manbalarini sanadi'ning rasmi

30 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida navbatdagi parlament eshituvi bo`lib o`tdi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining sabablari, ko`rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdi.  

Aziz Abduhakimov Toshkent shahri atmosferasi ifloslanishiga sabab bo`layotgan holatlarni keltirib o`tdi. 

Xususan, antropogen omillar — shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilishlarning jadal amalga oshirilayotgani, qurilishlar sababli moratoriy e`lon qilinganiga qaramasdan daraxtlarning kesilishi, “Evro 4” ekologik standarti talablariga javob bermaydigan (AI-80) yoqilg`idan foydalanayotgan mashinalarning me`yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotganligi atmosferaning ifloslanishiga sabab bo`layotgani qayd etildi.  

Bundan tashqari, vazir ekologiyani yaxshilash borasida qilingan ishlarga alohida to`xtaldi. Xususan:

— 2022 yil 1 yanvardan “Evro-4” ekologik talablariga javob bermaydigan benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan transport vositalarini olib kirish taqiqlandi;

—  oxirgi ikki yilda 3 150 km temir yo`l uchastkalari elektrlashtirilib, teplovozlar o`rniga elektrovozlardan foydalanish yo`lga qo`yildi;  

— “Toza havo” oyligi davomida 2023-yilda 319 mingta avtotransport vositalari nazoratdan o`tkazilib, me`yorlarga javob bermaydigan 8 ming 600 ta transport vositasidan foydalanish vaqtinchalik taqiqlandi;

— 2023 yilda 147 ta sanoat korxonasidagi chang-gazlarni tutib qoluvchi 716 ta uskuna modernizasiya qilinib, atmosfera havosiga 10 ming tonnadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldi olindi;  

— “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarralarni o`lchovchi Yaponiyaning “Horiba” rusumli 2 ta avtomatik stansiyasi o`rnatildi;

— “Yashil makon” doirasida 416 mln tupdan ortiq daraxt va buta ko`chatlari ekildi;  

— 588 gektar “yashil bog`lar”, 662 gektar “yashil jamoat parklari”, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida jami 40 km masofada “yashil belbog`”lar barpo etildi;  

— O`tgan yilning kuz mavsumida atrof-muhitga ta`siri yuqori bo`lgan 189 ta sanoat korxonasi atrofida 2 million 300 ming tup ko`chatlar ekilib, “yashil belbog`”lar tashkil qilindi.

Shuningdek, vazir ekologik vaziyatni yaxshilash borasida quyidagi kechiktirib bo`lmas chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi:

—  “Evro-4” standartidan (AI-80 rusumli benzin) past ekologik toifadagi motor yoqilg`idan foydalanishni taqiqlash;  

— Tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida Toshkent shahrida kunning tig`iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo`ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarining harakatini cheklash;  

— Shaharning diqqatga sazovor markaziy ko`chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;  

— Jamoat transportini to`liq elektr va gaz yoqilg`isiga o`tkazish, shuningdek, yo`l infratuzilmasini tashkil etish;  

— Barcha turdagi qurilish obektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e`lon qilish;  

— Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlari ko`mir yoqilg`isidan foydalanishni taqiqlash;  

— Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg`isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;  

— Ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko`chishini oldini olishga qaratilgan Toshkent shahri atrofida “yashil belbog`”lar barpo etish.

Hisobotdan so`ng vazir deputatlarning ekologik holatga doir savollariga javob qaytardi.

    Boshqa yangiliklar