Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jondor tuman bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi. Bu haqda Departament Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda “J.T.” ishlab chiqarish kooperativi rahbari B.T. “A.Q.” MChJ rahbari A.H. bilan o`zaro til biriktirib, tijorat banki filialidan ajratilgan 647 mln so`m kredit mablag`larini 32 nafar fuqaroning issiqxona faoliyati bilan shug`ullanishi uchun yo`naltirmasdan, ushbu mablag`larni moliyaviy yordam sifatida 3 ta xo`jalik yurituvchi sub`ektining hisob raqamiga o`tkazish orqali naqdlashtirib olganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentining Qumqo`rg`on tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.Sh.” NTT rahbari K.M. va boshqalar tijorat banki filialidan xususiy sherikchilik asosida 100 o`rinli zamonaviy maktabgacha ta`lim tashkiloti qurish uchun ajratilgan 1,6 mlrd so`m kreditni o`zining norasmiy boshqarib kelgan “O’.-F.” MChJga o`tkazib, 356,7 mln so`mni rasmiy hujjatlarga soxta ma`lumotlar kiritish orqali o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Dehqonobod tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “A.S.” fermer xo`jaligi rahbari N.N. hudduiy tijorat bankidan 12 nafar fuqaroga chorva mollari etkazib berish uchun ajratilgan 349,5 mln so`m imtiyozli kredit mablag`larini rasmiy hujjatlarga soxta ma`lumotlar kiritish orqali o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






