Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi bilan mahalliy parvozlarga ro`yxatdan o`tishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining "Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini yanada oshirish va tartiblarini soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qaroriga asosan, yangi milliy haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomiga ega.
Shu sababli, hozir aeroportlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadigan va yo`lovchilarga ulardan foydalangan holda ichki yo`nalishdagi reyslarga ro`yxatdan o`tish huquqini beruvchi hujjatlarning (haydovchilik guvohnomasi, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy guvohnoma va boshqalar) yakuniy ro`yxatini idoralararo tasdiqlash ishlari yakunlanmoqda.
Uzbekistan Airports xabarida bu hujjatlardan parvozga ro`yxatdan o`tish uchun qachondan foydalanish mumkinligiga aniqlik kiritilmagan.