1

“Amerikada ishlaydigan erimning u erda ham xotini bor ekan...”

Mutolaa 17.11.2016, 11:06
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim, Oila, Er-xotin
“Amerikada ishlaydigan erimning u erda ham xotini bor ekan...”

Ushbu maktub bizga elektron manzil orqali keldi. Uni o`qib biroz iztirobga tushdik. Uzoqdan turib bo`lsa-da, noma egasining dardiga malham bo`lgimiz keldi. Birdan bir ko`magimiz, kechinmalarini siz mushtariylar bilan bo`lishib, maslahatlaringizni unga etkazish...

“Bundan besh yil avval u bilan ijtimoiy tarmoqda tanishdim. Ochig`i, ilk maktubidayoq e`tiborimni tortishga urindi:

—  O`zbekistonning eng go`zal qiziga Amerikadan salom! Yurtimizning musaffo havosidan mazza qilib bir o`zingiz nafas olib yuribsizmi?

Uning xatidan hayron bo`lganim boismi, beixtiyor javob yozdim.

—  Nega bir o`zim nafas olarkanman? Hamma nafas olyapti, — debman soddalarcha. 

—  To`g`ri, hamma nafas olyapti. Siz esa mensiz nafas olyapsiz, shuni nazarda tutdim. 

“Jinnimi, bu?” dedim ichimda uning xatidan taajjubga tushib. Chunki men tabiatan vazminroq, uncha-muncha hazilni tez hazm qila olmaydigan, dugonalarimning tili bilan aytganda “Eng zo`r hazil ham yarim soatda etib keladigan qiz”man. Fe`limni bilgani uchun dugonalarim ham uncha-munchaga hazil qilavermaydi. Hazillashishsa ham darhol izohlab ketadi. Xullas, shunaqa qizman. Vazminligimga borib, boshqa unga yozmadim. U esa to`xtamadi. Har gal kirsam, undan eng kamida ikkita xabar kelgan bo`lardi. Ahvolim, O`zbekiston ob-havosi, yangiliklari bilan qiziqardi.  Bizda kunduzi bo`lganida Amerikada tunligini, uning uyquda bo`lishini yaxshi bilganim uchun javob yozgim ham kelmasdi. 

“O`zi bu nega menga xat yozaveradi? Yangilik va ob-havoni so`rashga qarindoshlari, do`stlari ham bor-ku”.

Mana shu o`yda uning nomalarini javobsiz qoldiraverdim. U esa aksini qilardi. Oxiri bir kuni shunday maktub yuboribdi:

“Ijtimoiy tarmoqqa har kuni kirayotganingizni ko`ryapman. Hech kim bilan yozishmasangiz, kirib nima qilasiz? Menga o`xshagan vatan sog`inchida yurganlarga yordam bermasangiz, yashab nima qilasiz? Yo gungmisiz? Men sizdan gapirishni emas, yozishni so`rayapman. Gung odam uchun yozish qiyin emas-ku!”

Ochig`i, “gung” so`zi “soqov” o`rnida kelishini yaxshi bilaman. Lekin negadir meni “go`ng” deyapti deb o`ylabman. Garchi gapning mazmuni to`g`ri kelmasa, ham miyamga shu yalt etib kelibdi-yu, jahl bilan yozaveribman:

—  Nega meni haqorat qilyapsiz? Kimsiz o`zi? Menga umuman yozmang! Sizni tanimayman, gaplashishni ham istamayman! O`sha “go`ng” o`zingiz!

Yana allanimalar dedim. Lekin baribir alamim bosilmadi. Undan darhol javob ola olmasligim battar jig`ibiyron qilardi, meni. Ertasiga tarmoqqa kira solib, u bilan bo`lgan yozishmaga qaradim. 

“Tushunmadim. Qanaqa go`ng? Men sizga gungmisiz, soqovmisiz, dedim. Mayli, yozmasangiz yozmang. Boshqa vatandoshlar ko`p-ku!..”  

U qaytib yozmadi. Naq bir hafta kutdim. Birgina xabar yuborsa, qo`polligim va tushunmovchilik uchun uzr so`ramoqchi edim. Qayda, uyam qaysar ekan. Ko`rdim, o`zining profiliga yangi suratlar ko`rdi. Fikrlar yozdi. Lekin menga bir og`iz gapirmadi. 

Bu menga alam qildi. 

Ayb mendan o`tgan bo`lsa-da, bir hafta undan birinchi qadam bo`lishini kutdim. Foydasi yo`q! U go`yo bir umr men bilan gaplashmagandek edi. Oxiri gunohimni tan olib, javob xati yozdim:

“Uzr, men noto`g`ri tushungan ekanman. Negadir “o`” harfi o`rniga “u” yozgansiz deb o`ylabman. Nima qilay, bugun hamma yozishmalar “o`”, “g`”, “q”, “h”siz yozilsa...”

Bugun javob yozmaydi. Hozir uxlab yotibdi. Ertaga ertalab o`qiyman endi javobini, degancha profilini kuzayotgandim o`sha zahoti javob keldi. Qarasam, chindan ham tarmoqda ekanligini bildirib, belgi turibdi. 

“Nega aynan “go`ng” deb o`qidingiz? Sizning gaplaringizga ishonadigan bo`lsam, “go`ng” emas, “g`o`ng`” deb o`qishingiz kerak edi. E-e-e, hazilni tushunmagan g`o`ng!” deya yozib yuboribdi. 

Men yana hazilni tushunmasligimga bordim. Shartta so`radim:

“G`o`ng`” nima degani?”

“Sizning yangi laqabingiz!  ”

Shunday deya u hazil-huzullarini boshlab yubordi. Men ham ba`zida chuv tushirsam-da, unga yozib turadigan bo`ldim. O`z-o`zidan suratlarini ko`rardim, kuzatardim. Shunday qilib unga bog`lanib qolganimni sezmay qoldim.

Bu tabiiy hol edi. U axir Amerikada o`qiydi, O`zbek, rus, tojik, ingliz, nemis tillarida erkin so`zlasha oladi. Kelishgan va sho`x yigit. Badand bo`yli, katta-katta ko`zlari kulib turuvchi qirg`iy burun bu yigitga mendan boshqa o`nlab qizlar ham maktub yo`llashni sezardim. Sezganim sari ichimda olov alanga olar, rashk o`tida kuyardim. Men chindan ham uni sevib qolgandim. Meni ham yaxshi ko`rishini, birga baxtli bo`lishimizni shunchalar istardimki, lekin buni tasavvur qilishga ham cho`chirdim. Axir uning hayotida mendan o`n chandon go`zal va aqlli qizlar bisyor-ku!

Lekin hammasi kutilmaganda bo`ldi. U menga o`zi bilgan barcha tillarda sevgi izhor qilib, maktub yubordim. Jinni bo`layozdim. Qayta-qayta o`qidim xatni. 

“Nega jimsiz?” dedi u yarim soatcha vaqt o`tgach. Men bu vaqt ichida faqat dil izhorini o`qish bilan band bo`ldim. 

“Ko`zlarimga ishonmayapman!” rostini yozdim unga. 

Lekin bu so`zlar dilimdagi tug`yonlarni qaysidir ma`noda sezdirib qo`yishini anglab, ortidan yana yozdim:

“Siz tap-tortmay hammaga shunaqa yozaverasizmi? Men bu ijtimoiy tarmoqdagilarga tekkan kasalligini bilaman. Lekin sizni jiddiy inson deb yurardim... ”

“Men bu gaplarni ilk bor sizga yozdim. Shunday xayolga borishingizni bilardim. Lekin bu haqiqat. Boshqa ichimda saqlolmayman! Sizni ko`rmay, bilmay turib sevib qoldim...”

Men bu xabarni ham qayta-qayta o`qidim. Miyamning qaysidir qatida aqlim “Ishonma, axir seni bir bor bo`lsa-da, ko`rmagan bo`lsa. Suratingni ham qo`ymagan bo`lsang”, degan so`zlarni milt etib ko`rsatgandek bo`ldi. Lekin men bu haqda o`ylashni istamasdim. Chunki ilgariroq o`zim uni sevib qolgan bo`lsam. Juda qattiq sevindim xolos. 

Unga juda-juda ko`p yozgim kelardi. Lekin izhordan so`ng bir haftacha “Ha”, “yo`q” deyishdan nariga o`tmadim. U esa suratimni so`radi. 

Bugun suratimni yuborsam, ertaga uyimga sovchi kelishini aytganida esa aqldan ozay dedim. Hol-jonimga qo`ymagan suratimni yubordim. U rosa maqtadi. Orzusidagi qiz ekanligimni aytdi. Chindan ham ertasiga uning uyidan biznikiga sovchi keldi. Men hayratdan dong qotdim. Ushalmas orzu deganim ro`yobga chiqayotganidan o`zimni yo`qotib qo`yya dedim. 

Xullas, uch oy ichida u O`zbekistonga keladigan bizning to`yimiz bo`ladigan bo`ldi. Hamma, hatto men ham hayratda edim. Ayniqsa, dugonalarim mendek vazmin qizning ijtimoiy tarmoqdan yigit topib turmushga chiqayotganimni hazm qilolmasdi. Shuning bilan u keldi. Ochig`i, uning yonida ko`rimsiz bo`lib qolishdan juda qo`rqdim. Yaxshiyam, pardoz-andoz bor. 

“Bir-biringga juda mossizlar!” degan gapni juda ko`p eshitganimdan keyin picha xotirjam tortdim. 

—  Men o`qish bilan birga ishlayman ham. O`qishimdan ta`til berishgan bo`lsa ham, ishxonam uzoq qolishimga qo`ymaydi. Ko`pi bilan yigirma kun qola olaman! — dedi u to`yimizdan keyin oila-a`zolariga. 

—  Darrov ketmoqchimisan? Kelin-chi? — dedi qaynonam.

—  Buni birdan olib keta olmayman. Olti oycha til o`rgansin. Keyin imtihon topshiradi. O`tsa, hujjatini to`g`irlayman, — dedi u. 

Olti oy ko`zimga juda uzoq muddat bo`lib ko`rinsa-da, yozishib turishimiz, video orqali ko`rishishning imkoni borligi menga tasalli berdi. Shu bilan hash-pash deguncha vaqt ham o`tdi. U ketdi. 

Men qaynonamning xizmatini qilib, til o`rganishga qatnab yuraverdim. 

Bir kuni u bilan video orqali gaplashayotib, orqasidan ayol kishining o`tganini ko`rib qoldim. Sochlari yoyilgan, uyqusirab o`tdi. Bizda kunduzi bo`lsa, ularda tun. Yarim tunda erimning xonasida ayol kishi...

Darrov so`radim. 

Erim hech narsani yashirib o`tirmadi. Aytishicha, u xotini emish. Mendan avvalroq unga uylanganmish. Buni ota-onasiga ayta olmabdi. 

—  Hamma haqiqatni bilding! Endi uyingga ketaversang ham mayli. Men seni qol demayman. Bundan foyda yo`q!

Qotib qoldim. Oltin deganim mis chiqdi. Baxt deganim sarob!

Lekin buni hech kimga hatto qaynonamga ham ayta olmadim. O`z yaqinlarimga aytishga esa yuzim chidamaydi. Hech narsa bo`lmagandek qaynonamning xizmatini qilib yuribman. Mana bu haqiqatni bilaganimga ham besh oycha bo`lib qoldi. Nima qilay, aziz yurtdoshlar? Maslahat bering. Men bu dardni yana qancha vaqt yuragimda saqlayman?

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1