AsosiyJamiyat

“Alisherbek naziri yo`q kishi erdi...” Bobur Navoiy haqida yana nimalar degandi?

'“Alisherbek naziri yo`q kishi erdi...” Bobur Navoiy haqida yana nimalar degandi?'ning rasmi

Alisher Navoiy va Mirzo Bobur. Bu ikki ulug` insonni bog`lab turadigan jihatlar ko`p. Garchi ular hayotda bir-biri bilan uchrashmagan bo`lsa-da, bitta davrning vakili, bitta adabiyotning mustahkam ustunlari bo`lishgan. Hazrat Navoiy vafot etganida, Bobur hali 18 yoshga to`lmagan yigit edi. Shunday bo`lsa-da, u allaqachon taxtga o`tirib, mamlakatni boshqargan, Samarqandni ikki marotaba qo`lga kiritgan. Navoiy Bobur haqida eshitgan, bilgan bo`lishi mumkin. Ammo, Navoiy asarlarida Bobur nomini uchratmaymiz.

Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanida Navoiyning Boburga xat yo`llagani haqida parcha bor. Navoiy o`z maktubida “Samarqandni o`z nomingizga munosib hamla bilan olmishsiz” deya Boburni ulug`laydi. Ammo, Navoiyning “Munshaot” (maktublar)ida bunday maktub yo`q. Romandagi bu parcha yozuvchining hayolot mahsuli bo`lishi mumkin.

Bobur ham o`z navbatida buyuk shoir hayoti va ijodi haqida qimmatli ma`lumotlarni yozib qoldirgan. Bobur yoshligidan Navoiy shaxsiga va ijodiga katta mehr-muhabbat bilan ulg`aygan.  «Boburnoma» asarida muallif Navoiy nomini 16 marta tilga oladi.

«Alisherbek naziri yo`q kishi edi, - deb yozadi Bobur. - . Turkiy til bila to she`r aytubturlar, hech kim oncha ko`p va xo`p aytgon emas... olti masnaviy kitob nazm qilibtur, besh «Xamsa» javobida, yana bir «Mantiq-ut tayr» vaznida «Lison-ut tayr» otliq. To`rt g`azaliyot devoni tartib qilibtur: «G`aroyib us sig`ar», «Navodir-ush shabob», «Badoyi-ul vasat», «Favoid-ul kibar» otliq. Yana «Mezon-ul avzon» otliq aruz bitibtur, bisyor madxuldur. Yigirma to`rt ruboiy vaznida to`rt g`alat qilibtur».

Boburning bu fikri haqida navoiyshunoslar turlicha fikr bildirishgan. Ayrim mutaxassislar “Mezonul-avzon”ni puxta tekshirib, “Navoiy birorta vaznda xato qilmagan, u aruz ilmini mukammal darajada bilgan, ehtimol Bobur o`qigan qo`lyozmada kotibning aybi bilan bir xatoga yo`l qo`yilgan bo`lishi mumkindir” degan fikrni ilgari suradilar.

Bobur Navoiyning forsiy ijodi haqida so`z yuritarkan, “ba`zi abyoti yomon emastur, vale aksar sust va furudtur», deya yana tanqid qiladi. Bu fikr ham bir qator mubohasalarga sabab bo`lgan. Chunki, ko`pgina  fors adabiyoti tadqiqotchilari Navoiyning forsiy ijodini tahlil qilib, bu she`rlar g`oyaviy-badiiy jihatdan Hofiz, Jomiy, Sa`diy singari fors-tojik shoirlari asarlaridan qolishmasligini aytishgan.

Ba`zi adabiyotshunoslar Navoiy zamonasida Foniy taxallusi bilan o`ndan ortiq shoirlar ijodiy qilishgani, Bobur o`shalardan birortasining she`rini o`qib, uni Navoiyga tegishli deb o`ylagan bo`lishi mumkinligini aytishadi. Zotan, Bobur Navoiyning forsiy g`azallaridan misol keltirmagan. Nima bo`lganda ham, Bobur o`z fikri, o`z qarashlariga ega teran idrokli shaxs edi. Shu bois, Boburning tanqidiy fikrlarini uning shaxsiy qarashlari sifatida baholamoq lozim.

Shuningdek, Bobur Navoiyning musiqa ilmidan xabardorligi, adabiyot va san`atga homiylik qilganini qayd etadi: «Ahli fazl va ahli xunarga Alisherbekcha murabbiy va munavviy ma`lum emaski, xargiz paydo bo`lmish bo`lgay. Ustoz Qulmuhammad va Shayxi Noyi va Husayn Udiyning, sozda saromad edilar, bekning tarbiyat va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa`y va extimoli bila mundoq mashhur va ma`ruf bo`ldilar. Muncha binoyi har kim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq bo`lmish bo`lg`ay».

Chindan boshqa ko`pgina manbalarda Navoiy ilm-fan, san`at va adabiyot ahliga katta e`tibor qaratgani o`z aksini topgan. Bu haqda etarlicha ma`lumotlar bor.

Bobur Hazrat Navoiyning fe`l-atvori haqida so`z yuritarkan, ko`ngli o`ta nozik, hassos, nazokatli inson bo`lganini qayd etadi: «El nazokatini davlatining g`ururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilli ekandur. Samarqandda ekanda  ham ushmukdoq nozuk mijoz ekandur».

Tarixiy manbalarga qaraganda, chindan ham Navoiyning o`ta nozikta`b, didi yuqori inson bo`lganini ko`ramiz. Zayniddin Vosifiyning yozishicha, bir kuni Navoiy tobi qochib qoladi. Uning bir guruh do`stlari Navoiyni ko`rgani kelishadi. Ammo, Navoiyni so`roqqa to`tib, urintirib qo`ymaslik uchun unga indamasdan, o`zlari suhbat qilib o`tiraverishadi. Shunday, bunday e`tiborsizlikni qabul qilolmagan Navoiy “demak mening uyim sizga oshxonayu, men oddiy oshpaz ekanman-da” deb ta`na qiladi.

Ana shu did va farosat ulug` shoirning betakror asarlari uchun yo`l ochgan, tamal toshi bo`la olgan. Uning bu fe`lini hatto boyligi, mansabi bilan bog`lashgan. Ammo, Navoiy Samarqandda, oddiy talaba bo`lib yurgan paytida ham noziktabiatligi bilan odamlar e`tiborini qozongan edi.

Bobur bergan ma`lumotga ko`ra Navoiy shoh xazinasidan maoshdan ham voz kechgan. Hatto uning o`zi tez-tez shohga moddiy jihatdan yordam berib turgan.  «Mirzodin nima olmas, balki yilda mirzog`a kulliy mablag`lar peshkosh qilur edi».

Navoiy o`z davrining eng boy kishilaridan bo`lgan.  Uning bir kunlik daromadi o`n sakkiz ming dinorga teng edi. Ana shu daromadlar hisobidan shoir Xurosonning ko`plab shaharlarida madrasa va maktablar, hammom va ko`priklar, xonaqoh va shifoxonalar qurgan. Ehtiyojmand kishilar uchun xayr-ehson qilgan, talabalar, ijodkorlarni har taraflama qo`llab quvvatlagan.

Bobur Andijon haqida ma`lumot berar ekan, shunday yozgan: «Eli turkdur, shahar va bozorisida turkiy bilmas kishi yo`qtur. Elining lafzi qalam birla rostur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim Hirida nash`u nasho topibtur, bu til biladur».

Bu jumlalardan anglashilicha, Andijon shevasi Navoiy ijod qilgan qilgan turkiy tilga nihoyatda yaqinligi bilan farqlanib turgan.

Bobur Navoiyning ko`pgina g`azallarini yod bilgan.  “Boburnoma”dagi  1499 – 1500 yillar voqealari bayonida u ruhiyatida vujudga kelgan bezovtalikni “Gohi telbalardek yolg`uz pushta va dashtqa borur edim. Gohi bog`ot va mahallotni ko`cha-bako`cha axtarur edim. Ne yurumoqta ixtiyorim bor edi, ne o`lturmoqta, ne bormoqta qarorim bor edi, ne turmoqta” deya tasvirlar ekan, Navoiyning bir baytini misol keltiradi:

Ne borurg`a quvvatim bor, ne turarg`a toqatim,

Bizni bu holatqa sen qilding giriftor, ey ko`ngul.

Boburning ko`plab g`azallari va ruboiylarida ham Navoiydan bahramandlik yaqqol sezilib turadi.

 «Boburnomada» Navoiy hayotining so`nggi kuni shoirning vafoti haqida shunday ma`lumot uchraydi: «Sulton Husayn mirzo Astrobod cherikidin yong`onda istiqbolg`a keldi, mirzo bila ko`rushub qo`pquncha, bir holati bo`ldi, qo`polmadi, ko`tarib eltdilar. Tabiblar aslo tashxis qila olmadilar. Tonglasig`a-o`q tangri rahmatig`a bordi. Bir bayti hasbi hol voqi` bo`lubtur:

Bu dard ilaki o`larmen, maroz chu zohir emas,

Tabiblar bu balog`a ne chora qilg`oylar» .

Bobur aytgan ushbu noxush hodisa 1501 yilning 2 yanvar kuni ro`y bergandi. Ma`lumki, 1500 yilning yozida Husayn Boyqaro Astrabodda isyon  ko`targan Muhammad Husaynga qarshi qo`shin tortadi, Biroq o`sha yilning dekabr oyida ota va o`g`il o`rtasida sulh tuzilib, shoh poytaxtga qaytayotgani haqida xabar keladi.

Odat bo`yicha, Navoiy shaharning bir qator ko`zga ko`ringan kishilari bilan shohni kutib olish uchun yo`lga chiqadi. Bu tarixiy voqealarni o`z ko`zi bilan ko`rgan tarixchi Xondamir shunday yozadi: «Bir farsaxga yaqin yurganda sohibqironning dabdabali va ko`rkam mahofasi  ko`rindi. Shu fursatda, xudoning taqdiri bilan u zotning (Navoiyning) muborak boshi aylanib qoldi. Olijanob (Navoiy) Amir Xoja Shihobiddin Abdulloni o`z yaqiniga chaqirib, «meni saqlashdan g`ofil bo`lmang, ahvolim o`zgarib qoldi»,-dedi.

Shu paytda a`lo hazratning (Boyqaroning) qo`lini o`pishga etishmoq uchun otdan tushdi. To`satdan etishgan kasallikning og`irligi haddi a`losiga  borib qolgani va yurishga mador qolmaganidan, mazkur amir va Mavlono Jaloliddin Qosim qo`ltiqlariga kirib, shu yo`sinda ilgari yurib, boshini baland darajali podsho quchog`iga qo`ya oldi. Shu onda bu yuksak kasal saktaga aylanib oliy nasabli Amirda qaytib harakat qilish va so`zlashga majol qolmadi».

Shu ahvoldagi shoirni yarim tunda o`z uyiga olib keladilar: erta bilan shaharning taniqli tabiblari to`planib, qon olishga harakat qiladilar, ammo hech qandan ijobiy o`zgarish bo`lmaydi. Navoiy 1501 yil 3 yanvarda hayotdan ko`z yumadi. Shoir jasadi uning o`zi tomonidan qurilgan  Masjidi jome gumbazi ostiga qo`yiladi.

Umuman, Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiy hayoti va ijodiga alohida e`tibor va cheksiz hurmat bilan qaragan,  Navoiy asarlarini diqqat bilan mutolaa qilgan...

Rustam Jabborov

 

 

    Boshqa yangiliklar