-Turing, Nazirbuvi! Turing, To`xtabuvinikiga chiqamiz!
Nazirbuvi sandalning chetida, derazadan tushib turgan erta bahor oftobiga sho`rvada pishgan olmadek yuzini tovlab, to`ygan qo`zichoqday uxlab yotar edi; bu tovush qulog`iga kirib, xuddi pashsha qo`riganday, bir lunjini qimirlatdi; ko`zini ochmoqchi bo`lgan edi, faqat bittasi ochildi.
-A? Nima? – dedi.
-To`xtabuvinikiga chiqamiz. Rais kelibdi.
xRais?
Nazir buvi darrov o`rnidan turdi, doka ro`molini qayta bog`lab, Shahodatbuvi bilan birga chiqdi.
To`xtabuvining uyida Roziyabuvi, Ortiqjonlar o`tirar, rais bularga urushning borishi to`g`risida so`zlar edi; kimningdir savoliga javob berib:
-Endi nemisning poshshosi daryo tagiga uy solib kirib ketganligi masalasiga kelganimizda, — dedi, — men buni gazetada o`qiganim yo`q. Agar Gitler shundoq qilgan bo`lsa, qizil askarlarimiz orasida suvchi bolalar ham ko`p, birontasi kirib giribonidan bo`g`ib chiqadi… Mana, Nazira xola ham, Shahodat xola ham kelishdi. Yaxshi bo`ldi. O`zim ham sizlarni yig`ib ikki og`iz gaplashmoqchi edim. Gapim shuki, kobkozimizda paxta ishiga yaraydigan odamlar qanchaligi o`zlaringga ma`lum. Shunday cho`t urib qarasam, paxta ishiga yaraydigan har bir kolxozchining har bir ish soati bir kilogramm paxta ekan. Shundoq bo`lgandan keyin odamlarni iloji boricha boshqa ishlardan bo`shatib, paxtaga solishimiz kerak bo`ladi. O`shanaqa ishlardan bittasi pilla-qurt. Men beshovla-ring quit tutinglar, beshta odam bo`shasin demoqchi emasman. Hech undoq emas. Shundoq qilinglarki, paxta ishiga yaraydigan odam biron soat ham sizlarning qo`llaringdan keladigan ishga band bo`lmasin. Agar siz-lar mana shu yo`l bilan butun bir mavsumda o`n mehnat kunini pilladan yulib paxtaga bergani yordam qilsal-aring ham harna! Men sizlar bilan majlis qilib, mana shu masalani o`rtaga tashlamoqchi edim. Mana, majlis ochiq. Kim gapiradi?
Hech kimdan sado chiqmadi. Hamma nechukdir, o`ng`aysizlanar, qimtinar, erga qarar edi.
-Xo`sh, bo`lmadimi? — dedi rais. Kampirlar bir-biriga qarashdi va hamma birdan:
-Nega, nega bo`lmas ekan! — dedi.
-Bo`lsa nega indamaysizlar? Qani, To`xta xola, gapiring!
To`xta xola ro`molining uchi bilan og`zini yopib, bo`zargan holda aval o`rtoqlariga, keyin raisga qaradi.
-Endi, o`g`lim, dabduristan majlis deding… asli shu gapni avval o`z ora jo`n gaplashib, pishiqtirib olsagu keyin majlisga solsang bo`lar edi.
To`xtabuvi hammaning ko`nglidagi gapni aytdi. Rais bu suhbatni majlis deb atash bilan kampirlarni qiynab qo`yganligini darrov fahmladi-da, kulib, xatosini tuzatdi:
-To`g`ri, aval jo`n gaplashib olaylik. Xo`b, majlis yopiq. Gapni bir joyga qo`yganimizdan keyin ochamiz.
Majlis yopiq e`lon qilingandan keyin Roziyabuvi o`zidan-o`zi gap boshladi:
-Qurt tutishga bizning qo`limizdan keladigan ish ko`p. Aytsangiz-aytmasangiz o`shanaqa ishlarga qarashish bizdan lozim. Men yana bir narsani o`ylab qoldim: besh kishi ekanmiz, beshovimiz bir quti urug` olsak nainki eplab boqolmasak?
Boshqalar bir qutini bahuzur eplash mumkin ekanini aytib:
-Qurt ishida ko`zimiz pishgan, qayta yaxshiroq bo-
qamiz, og`ir ishJari bo`lsa, bizga qarashadigan yosh-yalang topiladi –
deyishdi.
Rais miyig`ida kulib:
-Mayli, — dedi. — Agar bir qutini ermak qilamiz, desalaring o`zlaring bilasizlar. Xo`b, endi shu gap puxta gapmi?
-Puxta gap! — deyishdi.
-Endi majlisni ochsam maylimi? Xo`p, majlis ochiq. Beshovlaringni bir zveno deymiz. Zvenoga boshJiq kerak bo`ladi, kimni saylaysizlar?
Munozara va muzokaralardan keyin zvenoga boshliq qilib etmish bir yashar To`xtabuvi Sarimsoqova saylandi.
Majlis yopildi. Rais ketdi.
Shu kuni kechasi, yotar mahalida, To`xtabuvini vahima bosdi: bular-ku hammasi va`da berdi, sayladi, ertaga bin “Belim og`riydi”, biri “O`g`limdan xat kelmayap-ti, yuragimga qil sig`maydi” deb uyiga kirib yotib olsa, nima bo`ladi?
To`xtabuvi yugurganicha Nazirbuvinikiga chiqdi. Nazirbuvi hali uxlamagan ekan.
-Hoy, Nazirbuvi, shu bo`ladigan ishmi, yo raisning qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirib jo`natdikmi?
-Voy, To`xtabuvi, nega bo`lmas ekan? Majlisga soldik-a, majlis uvol emasmi? Men hali boshqa narsanio`ylab o`tiribman; beshta nozanindek kampir bo`lsagu
bir quti desak butun tumanga kalaka bo`lmaymizmi? Bizga nima qipti, nega ikki quti tutamiz demadik?
To`xtabuvining yuragi dadil bo`ldi. Nazirbuvining andishasi unga ma`qul tushdi. Ikkovi Shahodatbuvinikiga chiqishdi. Shahodatbuvi bu gapni eshitib:
-Gap shu ishga qunt qilishda, qunt qiladigan bo`lsak, ikki quti ham biru uch qutisi ham bir, — dedi.
Uchovi Roziyabuvinikiga chiqishdi. Roziyabuvi ko`ngandan keyin, Ortiqjonnikiga borishdi. Ortiqjon o`sha majlisda “Uch quti tutish qo`limizdan keladi” demoqchi ekan-ku, boshqalardan istihola qilib aytmabdi. Bular uch quti degandan keyin, u ham bir quti qo`shdi.
Shunday qilib uyma-uy yurib qilingan majlisda kampirlar zvenosi to`rt quti qurt tutishga qaror qildi va ertalab kolxoz idorasiga chopar yubordi.
Rais ko`nmabdi: “Hammasi yig`ilganda bitta shaftoliga tishi o`tmaydi-yu, to`rt quti urug` tutar emishmi. Yo`q, kampirlarning tovoniga qolaman”, debdi. Cho¬par ham bu gapni oqizmay-tomizmay kampirlarga etqizdi: “Hammalaring yig`ilganda bitta shaftoliga tishlaring o`tmas emish”, dedi.
Bu gap kampirlarga nihoyatda alam qildi, ikki kundan keyin rais kelganda uni o`rtaga olib shunday qilishdiki, rais “tegishgan edim, tavba qildim” deb zo`rg`a qutildi va to`rt quti urug`ni o`z qo`li bilan keltirib berdi.
Hademay qurt ko`m-ko`k barg ustida o`rmalab qoldi. Qurt katta bo`lgan sayin kampirlarning havasi, g`ayrati ortar edi. Hech kimning beli ham og`rimadi, yuragiga qil sig`maydigan payti ham bo`lmadi, aksincha, hamma sog`, dimog`lar chog` edi.
Bir kuni rais kelib qurtni ko`zdan kechirdi-da:
-Yashasin havaskor kampirlarimiz! — deb qichqirdi.
Eshik yonida ikki qo`lini beliga qo`yib, kerilib turgan To`xtabuvi boshqalarga ko`z qisib:
-Qani o`g`lim, chamangda normamiz to`ladimi, yo`qmi? — dedi.
Ie, shunchalik qurt boqasizlaru, qancha pilla chiqishini bilmaysizlarmi? Har qutidan kamida oltmish kilogrammdan olasizlar, — dedi.
-Ana xolos, — dedi Ortiqjon, — to`lmas ekan-da!
-Nega, norma qancha o`zi? Qirq besh kilogrammi?
Hamma kulib yubordi.
-Unaqa normangni shaftoliga tishi o`tadigan tam-tamlarga ber. Bizning normamiz har qutidan etmish-sakson kilogramm!
Rais tilini tishladi.
Bir necha kundan keyin qurt nishona berdi. Nishona pilla beto`xtov kolxoz idorasiga yuborildi. O`sha kuni kechki payt rais etib keldi va eshikdan kirishi bilanoq:
-Onalar, birinchi terimni olgan kunlaring bitta semiz qo`y sizlarniki, men tumandan so`radim, hali hech qaysi kolxozning qurti nishona bergani yo`q! — dedi.
Kampirlar uchun bu xabar yangilik edi.
-Undoq bo`lsa, sen bizdan bitta qo`y bilan qutilmaysan, — dedi. To`xtabuvi, — birinchi terimni olib topshirgan kunimiz Toshkentga sim qoqasan, aytasanki… Nima desang o`zing bilasan. Bugun seshanba, yakshanba kuni birinchi terimni topshiramiz.
Uch kun bo`yi zveno qurtning tepasidan nari ketmadi. Qani endi bu qurt o`lgur tez-tez o`ray qolsa!
Rais har kuni tumanga telefon qilib turdi — yo`q, xotirjamlik — tumanda hech kim pilla topshirgani yo`q.
Nihoyat to`rtinchi kuni ertalab zveno har uydan savat-savat pilla olib chiqa boshladi. Rais o`sha kuni, tu¬manda birinchi bo`lib, yigirma besh kilo pilla topshirdi va kampirlarga bergan va`dasiga muvofiq Toshkentga “sim qoqdi”.
Zveno raisning Toshkentga sim qoqqani to`g`risida xabar kutib To`xtabuvining uyida o`tirar edi. Birdan Roziyabuvi yugurganicha kirib keldi:
-Turinglar! Turinglar! O`tirasizlarmi! Radio gapirdi, hammamizning otimizni aytdi. Qizil askar oilalaridan To`xta buvi, Nazir buvi, Ortiqjon… Hammamizni aytdi.
Nima dedi?
-Bilmayman, chamamda, sim qoqdi dedi.
To`g`ri, rais telefon qilgandan keyin, Toshkent radiosining olg`irlari bu xabarni kechki so`nggi axborotda berishgan edi.
Hamma ko`chaga chiqdi. Ko`chaning u boshida rais kattakon semiz qo`yning quyrug`iga arqon solib sudrab kelmoqda edi.
14.02.2024 23:33