2023 yil 21 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O`zbekistonda aholiga psixologik yordam ko`rsatishning huquqiy asoslari” mavzusidagi davra suhbati o`tkazildi.
Tadbirda ta`kidlanishicha, mamlakatimizda psixologiya sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash hamda amaliyotchi psixologlar faoliyatini qo`llab-quvvatlashga oid bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda maktabgacha ta`lim tizimi va xalq ta`limi tizimida pedagog-psixolog lavozimlari joriy etilgan. Ko`plab oliy ta`lim muassasalarida “Psixologiya”, “Pedagogika va psixologiya” ta`lim yo`nalishlari tashkil etilib, ushbu sohadagi qabul kvotalari keskin oshirildi.
Davra suhbatida sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar ko`lamiga qaramasdan jamiyatda ijtimoiy-psixologik, jumladan, oilaviy muammolar, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta`sirlariga tobelik holatlari uchrab turganligi, shuningdek etarlicha bilim-malakaga ega bo`lmasdan turib, “psixolog” maqomini noqonuniy o`zlashtirib olayotgan shaxslarning faoliyati ommalashib borayotganligi qizg`in muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan qayd etilganidek, ijtimoiy tarmoqlar orqali o`zini “psixolog” sifatida tanishtirayotgan va bu turdagi xizmatlarni taqdim etayotgan shaxslar avvalambor, mazkur yo`nalishda oliy ta`limga ega bo`lishi hamda psixologik yordam ko`rsatish huquqini beruvchi tegishli hujjatga ega bo`lishiga oid talabni qonunchilikda belgilash lozim. Bundan tashqari, “psixologik xizmat” tushunchasi huquqiy-normativ hujjatlar bilan belgilab qo`yilmagani va amaliyotchi psixologlar reestri mavjud emasligi ular faoliyatini nazorat qilishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Shuningdek, ayrim oliy ta`lim muassasalarida tashkil etilgan qisqa muddatli “Psixologlarni tayyorlash” kurslari tijoratga aylanib ketayotgani tanqid ostiga olindi.
Tadbir ishtirokchilari psixolog-mutaxassislarni tayyorlash va lisenziyalash borasidagi xorijiy tajribani tahlil qilishdi. Xususan, Evropa mamlakatlarida psixologik ta`lim davri 3 yildan 5 yilgacha bo`lgan muddatni tashkil etishini qayd etishdi. Davra suhbatida, shuningdek, amaliyotchi-psixologlarning faoliyatini lisenziyalash masalasi ham qizg`in muhokama etildi.
Davra suhbatida aholiga malakali psixologik yordam ko`rsatishga doir faoliyatni tartibga solishga qaratilgan qonunlarni ishlab chiqish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.