AsosiyJamiyat

Shoyim Bo`taev. Otam nega jim? (hikoya)

'Shoyim Bo`taev. Otam nega jim? (hikoya)'ning rasmi

Bunaqa hangomalar uzun qish kechalariga yarashar edi.

Tom ortidan «duk-duk» qadam tovushi eshitilsa:

- Ana-a, giroy bova kelyaptilar, - deya hovliqar edik.

Ko`p o`tmay qalin qora las choponining elkalariga qo`ngan laylak qorni qoqa-qoqa u enkayib eshikdan kirib kelar va tancha ustiga qiyiqchasi orasida dastavez qilib keltirgan turshagu jiydalarni sochib yuborib:

- Olinglar, ermak qilinglar, - deya saxiylik ko`rsatardi.

Keyin tanchaning to`r tomoniga o`tib, joylashar, oyog`iga issiqning tafti urilishi bilan:

- Oh,oh! – deganicha huzur qilganini e`tirof etardi.

Onam va singillarim narigi uyga uxlashga kirib ketishmaguncha, otam bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib o`tirardi.

Asta-sekin tanchaning cho`g`i ham susayib, soviy boshlardi.

Ana shunda uning yodiga bu yil qishning qattig` kelgani tushib qolar, bunaqa sovuq faqat urush vaqtidagini bo`lganini otamga eslatib, keyin to`satdan:

- O`sha mahallarda o`zimiz ham ja-a qoruvli edikda, - deb qolardi. – Har kiftimizda o`rtamiyona odamning uch-to`rttasi bemalol davra qursa boʼlardi...

Otam jilmayib qo`yardi.

U otamga nimadandir xavsirayotgandek qarab:

- Yo, noto`g`rimi? – derdi tahdid ohangida.

- To`g`ri, - uning gapini tasdiqlardi otam.

- Ana-a, shuni aytda, - derdi u o`zining aybini otamga ag`darmoqchi bo`lgandek. – Nima qilasan gapni opqochib?

Otam indamay qo`ya qolardi.

Men bo`lsam, og`zimni lang ochganimcha uning moshguruch soqoliga, ingichka qon tomirlari «to`rlagan» yuziga, salqigan qovoqlariyu quy ko`zlariga, yelkasiga...aqalli bitta odam sig`ishi ham gumon bo`lgan elkasiga hayrat aralash boqib o`tirardim.

Tashqarida ayoz.

Daraxtlar shoxidagi sumalaklar larzon-larzon.

Narigi uyda oyim, ukalarim dong qotishgan.

Xidir buva turishni xayoliga ham keltirmaydi, bolishni o`mroviga tortadi.

- Usta Mamasoli kattalarga jilponglab-jilponglab moshin oldi, - deydi otamni qandaydir o`zini qiziqtirgan mashvaratga tortmoqchi bo`layotgandek. - E-e, kambag`al qolaverarkanda kambag`alligicha! Biri ikki bo`lmaskanda! Mana, menu sen. Xizmatimiz kimnikidan kam? Ayt! Kimnikidan kam?

U kimlardandir domangir bo`ladi. Tancha ustida dumalab yotgan popukli, ostiga mis qoplangan nosqovog`ini olib, kaftiga qoqadi.

Tanchaning u burchagida otam yonboshlagan.

Men poygakda.

Otam:

- Tur, yot endi, bolam, – demaydi, desa, uch-to`rt kungacha tumshayib yurishimni biladi.

Xidir buva pishillaydi:

- Bilashanku, a-a? Uyushni aptiniyam kuyganmash...

U tanchaning ko`rpasini ko`tarib nosini tuflaydi. Og`zining chetlarini bosh barmog`i bilan artarkan, hovliqib davom etadi:

- Urush vaqtida zig`ir yog`i qimmat edi. Usta Mamasoli juvoz haydab boyib oldi. Bir kuni juvozning o`qi usta Mamasolining kunda ustida turgan chap bilagi ustiga tushib majaqlab yuboribdi. Ilmoqqa yaxshi ilmaganda! Ko`rdingmi, gap qayoqda?! Yalpizlanib o`zini prontovikka o`tkazib olgani bilan sirini bilaman baribir...

Ko`z o`ngimda juvozning o`qi ostida qolgan qo`lini chiqarolmay «voy-voy»lab turgan usta Mamasoli butun qiyofasi bilan jonlanib, etim jimirlashadi...

- Shularning kattachilik qilganiga kuyasanda, a, - ichi nimadandir toriqib ketgandek xo`rsinadi Xidir buva. - Kal Musaning nafasiga yaqinlashib bo`lmaydi hozir, urush paytida paranji yopinib jon saqlaganini kim bilmaydi? Hamma biladi, biladiyu, hech kim buni gapirmaydi. G`ani cho`ltog`chi? G`ani cho`ltog` qo`liga paxta qo`yib otgan. E, tovba, shuyam gap bermaydi-ya, – Xidir buvaning sap-sariq tishlari orasidan «qochqin»u «qo`rqoq»larning sirlari to`kila boshlaydi. – Shuni aytadilarda, suv keltirgan xoru ko`za sindirgan aziz, deb. - U otamning chap elkasiga – shalvirab turgan bo`sh engga o`g`rincha nazar tashlaydi. – Saniyam qo`ling urushda qolganku, - deya maslahat beradi. – Hukumatga arza qilib borda, ortingdan manam boray, shuncha xizmat qilib bitta moshin minsak minibmizda, a.

Otam tilga kiradi.

- Obbo, Xidir polvon-ey! – deydi.

Sira bir-biriga o`xshamaydigan fe`li borda ikkalasiniyam. Hayronman, qandoq o`rtog` bo`lib qolishgan ekan.

Xidir buva “ko`mib kelgan qahramonligi”ning ustini tinimsiz qimirlayotgan lablari bilan ocha boshlaydi:

- Urushga ketganingdan kegin, o`rtog`, maniyam yuragimga olov tushdi. Chidolmadim. Ha-a, chidolmadim! Patirning bir chetidan tishlab olgan luqmani ko`z yoshimga qo`shib zo`rg`a yutdim. Ishon, zo`rg`a yutdim. Kemtik patirni rahmatli onaginamning qo`liga tutqazdimda, yo`lga tushdim. Orqamga qaramadim. Ha-a, qaramadim! Sezib turibman, ammo-lekigin onamning ko`zlarida g`ilt-g`ilt yosh... O`zim ham yig`lab yubormay deb qaramadim. Shundan keyin boshlanib ketdi. Mashq qildirdi, kegin jang maydoni, kegin... kegin... E-he! – ukallasini qimirlatib, peshonasiga shapillatadi. – Nelarni ko`rmadi bu bosh. Odamning boshi – soyning toshi emish, soyning toshi bo`lganda ham ming soyniki bo`lsa kerag-ov!

Xidir buvaning hikoyasi meni ohanrabodek o`ziga jalb etadi. Nazarimda, otamdan ko`ra Xidir buva ancha ulug`vordek.

Allaqanday o`kinchni his etaman.

Tashqarida ayoz.

Tancha muzdek.

Otam jim.

Xidir buva oq oralab qolgan mo`ylovini barmoqlari orasida sekin-sekin tovlay boshlaydi.

Meni uyqu bosib, Xidir buvaning tovushi sekinlasha boshlaydi, og`zi qimirlayotganini g`ira-shira his qilaman. So`ngra uni qorong`ilik yutadi. Ko`z o`ngim jimirlashib, qalqib ketaman...

Tashqarida ayoz.

Xidir buva hikoyasining eng qiziq joyiga kelgan bo`ladi.

- Shu desang, o`rtog`, o`zimiznikilar ham qocharkan-e! Kattadan-kichigi orqasiga qaramaydi, de! Kam edikda!.. Mo`r-malaxdek nemis kelyapti, tumandek bostirib... Eng oldinda Gitler!

Otam notinch qo`zg`alib qo`yadi.

- Obbo, Xidir polvon-ey!

- Hada.

- Obbo, Xidir polvon-ey!

- Rost, anavi Gimler, Gibels deganlariyam bor.

Otam kulimsirab yoqa tutamlaydi.

– Yo, vallohi a`lam?!

Xidir buva haqiqiy qahramon qiyofasiga kiradi, tomirlari bo`rtib turgan qo`llarini musht qilib, tancha ustiga qo`yadi, ko`zlarini burchakka, bir nuqtaga qadaydi.

- Men ham qochmoqchiydim, - go`yo o`zining juda samoviy qahramon emasligini, har qanday buyukda ham insonga xos kamchilik bo`lishini uqtirgandek davom etadi: - Lekigin... Lekigin buzuq tankni ichida komandir pusib turgan ekan. U pistoletni o`qtalib qochayotganlarga «qayt» deydi, hech kim quloq solmaydi. Uris bormi, chulchut bormi, hamma qochyapti qarasam – jon shirinda. Men ham endi qochmoqchi bo`lib turuvdim, komadir to`pponchaning naqd og`zini menga to`g`rilab: “Sanginov, qochaman deb o`ylama, ko`ksingdan darcha ochib qo`yaman, pulemyotning yoniga bor”, dedi.

Men qancha urinmayin, buzuq tankning ichida pistolet o`qtalib turgan komandirni tasavvur etolmasdim, Xidir buvaga zichroq qadalaman.

- Peshonada yozilgan ekanda, dedim o`zimcha, - u hikoyasida davom etadi, - ammo-lekigin sharafli o`lim ekanligini bilardim. Ha-a, bilardim! Tavakkal, deb pulemyotning yoniga bordim, yotdim. Qo`lim tepkida. Yuragim duk-duk uradi, de. Nemis tumandek bostirib kelyapti. Ko`zimni yumdim... E-voh, xayolimda tug`ilgan kulbam, ikkalamiz alaf tashigan tepaliklar, adirlar, uloq chopib yurganimiz soyliklar keladi. Ko`zimni ochaman. Nemis tumandek yaqinlashib qopti...

Xidir buva chaynaladi, og`zidagi konfetni yutishga ko`ngli bo`lmay shimib yurgan bolakaydek maza qilib sukut saqlaydi. Toza tang qilib, keyin ulab ketadi:

- Ana o`shanda Gitlerni qirq-ellik qadam narida ko`rdim. Qo`shinning oldida kelayotgan ekan. Tishlarim g`ijirlab ketdi! Mendan o`tib bo`psizlar, ortimda ona yurtim, dedim, sizlarga hujum qanaqa bo`lishini ko`rsatib qo`yaman, deb tepkini bosaveribman-bosaveribman, bir mahal mundo-o-oq qarasam, aralangan terakdek bo`lib nemislarning o`ligi qa-a-ato-o-or cho`zilib yotibdi...

Otam negadir kulgusini yashirmoqchi bo`lib, kafti og`zi bilan to`sgancha:

- Obbo, Xidir polvon-ey! – deya o`zi bilgan gapni takrorlaydi. – Gitler ham o`ldi, de?

- A, yo`q, - deydi Xidir buva kulli ishonch bilan. – Qistaloqni olib qochib ketishgan ekan, zahar ichib o`lganini kegin kinoda ko`rdim.

- Obbo, Xidir polvon-ey!

- Ko`zlarimga ishonmay qoldim. Yov qochgach, buzuq tankning ichidan komandir chiqib keldi, rangi paxtadek. Meni quchadi, o`padi, yig`laydi, haqiqiy geroysan, deydi qistaloq.

Tashqarida ayoz.

Otam jim.

Junjikib ketaman. Nega otam o`z qahramonliklaridan gapirmaydi, deya alam bilan o`ylayman. Balki Xidir buva aytmoqchi, G`ani cho`ltog`qa oʼxshab... – Xayolimga ilkis kelgan bu fikrdan ko`zlarim yarq etib ochilar, mudrab o`tirib seskanib ketardim.

Xidir buvaga havasim keladi.

Tancha chetida o`tirgan otam ko`zimga juda g`arib, ojiz ko`rinar, unga qandaydir rahmim kelayotganday bo`lar edi.

- Ha-a, - Xidir buva afsus va nadomat bilan bosh chayqaydi, - komandirimiz meni quchib, o`pib, chestniy geroysan, deb yig`lab turganida bir daydi o`q keldiyu, uning kuragidan urib, qulatdi. Og`zidan qon keldiyu, jon berdi. Geroyligimni u bilan birga ko`mib keldim, o`zim ko`mdim! Ha-a, o`zim ko`mdim!

U tuyg`usdan jimib qoladi.

Otam hamon sukutda, lekin ko`zlarida og`ir g`am yuki.

- Yuripmizda! – Xidir buva xo`rsinadi. – Yalpizlanib-yalpizlanib usta Mamasoli moshin oldi, juvozning o`qi ostida qolgan qo`lini urushda bo`lgan deb yozdirgan-da...

Tashqarida ayoz.

Xidir buvaning og`zi qimirlaydi, gaplari eshitilmaydi. U qachon turib ketganiyu chiroqning qachon o`chganini, o`rnimga kim yotqizib qo`yganini bilmay qolaman.

Bahor kelib, kunlar ilidi.

Darvoza oldida turganimcha xat tashuvchi hozirgina tashlab ketgan telegrammani qayta-qayta o`qiyman.

Hamon go`dak ekanman.

Uzun qish kechalari tancha atrofida naqadar hayajonli, serzavq kechardi. Otam, otajonim dunyoning betama ishini jimgina so`ylab o`tirgan ekan bu kechalarda.

Xidir buva...

Hamon eslayman uzun qish kechalarini.

Xidir buva yarqiroq mashina olib, o`g`liga mingazib qo`ydi. Gohi-gohida ma`raka-marosimlarda uning so`zlari qulog`imga chalinib qoladi:

- O`sha mahallarda o`zimiz ham ja-a qoruvli edikda, har kiftimizda o`rtamiyon odamning to`rtta-beshtasi bemalol davra qursa boʼlardi...

Otamning nomiga kelgan telegramma:“Hurmatli quroldosh do`stimiz Iso Odilov! Sizni 19-tepalikni egallashda aktiv qatnashganingiz uchun taqdirlashgan, lekin ba`zi sabablarga ko`ra topshirilmay qolgan “Qizil Yulduz” ordeningizni olish tantanasiga taklif etamiz. Polk komandiri I. E. Zaikin”.

Harflar orasidan nimalardir chiqib, ko`zlarimga qadaladi...

Beixtiyor ko`z o`ngimga bolishni o`mroviga tortib nimalarnidir aytayotgan Xidir buva keladi.

Og`zi qimirlaydi, gaplari eshitilmaydi.

Tashqarida ayoz.

Tancha muzdek.

Kecha uzundan uzoq.

Otam esa...

U hamon jim.

    Boshqa yangiliklar