AsosiyJamiyat

Insonning Ro`zadan boshqa hamma qilgan amali o`zi uchun bo`ladi. Faqatgina tutgan Ro`zasi Alloh uchundir

'Insonning Ro`zadan boshqa hamma qilgan amali o`zi uchun bo`ladi. Faqatgina tutgan Ro`zasi Alloh uchundir'ning rasmi

...Jannatga kirishni xohlagan banda Alloh taolo halol qilgan narsani halol, deb bilishi, harom qilgan narsani harom, deb bilishi va unga amal qilishi kerak

Bu ham xuddi namoz o`qish va ro`za tutish kabi muhim. Hadisda zikr etilgan «bunga hech narsani ziyoda qilmasam ham jannatga kiramanmi?» degan jumladan namoz o`qib, ro`za tutib, halolni halol bilib, haromni harom sanab yurgan odam iymon keltirmasa ham, boshqa ibodatlarni inkor qilsa yoki ado qilmasa ham jannatga kiraverar ekan, degan noto`g`ri fikr chiqmasligi kerak...
Ro`zaning fazilatlari haqida
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o`zi uchun, faqat ro`za Men uchundir va uning mukofotini Men - O`zim berurman, dedi. Ro`za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro`zador bo`lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so`kishmoqchi yoki urishmoqchi bo`lsa, men ro`zadorman, desin. Muhammadning joni qo`lida bo`lgan zot ila qasamki, albatta, ro`zador og`zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo`yroqdir. Ro`zadorga ikki xursandlik bordir. U ik-kisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa xursand bo`lgay va qachon Robbisiga muloqot bo`lganda ro`zasi ila xursand bo`lgay», dedilar». Beshovlari rivoyat qilganlar.Boshqa bir rivoyatda: «Odam bolasining hamma amali (savobi) ko`paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o`n mislidan to etti yuz ba-robarigacha. Alloh azza va jalla, «Magar ro`za Men uchun-dir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur», dedi» deyilgaan.

Sharh: Bu rivoyatda hadisi qudsiy bilan hadisi sharif aralash holda kelmoqda. Alloh taolo nomidan aytilgan so`zlar hadisi qudsiy va Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan aytilgani hadisi sharifdir. Avvalo hadisi qudsiy kelmoqda: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o`zi uchun, faqat Ro`za Men uchundir va uning mukofotini Men O`zim berurman», dedi». Demak, insonning Ro`zadan boshqa hamma qilgan amali o`zi uchun bo`ladi. Faqatgina tutgan Ro`zasi Alloh uchundir. 

Ya`ni Ro`zadan boshqa hamma amallarda amal qilguvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo`jako`rsinlik, o`zgalarning havasi, maqtovi, obro`-e`tibor paydo bo`ladi. Misol uchun, namoz o`qigan odam, tahorat qilganda, namozga joy tanlaganda va nihoyat namoz o`qiyotganda boshqalar ko`radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o`qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayollaridan o`tadi, unga hurmat e`tibor bilan qaraydi. Shuningdek, zakot berganda har qancha yashirsa ham hech bo`lmaganda zakotni olgan kishilar biladi, haqqiga duo qiladi. Hajga borganda esa, umuman, shov-shuv bo`lib ketadi. Qaytganidan so`ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga keladi. «Hoji aka» yoki «Hoji ona» degan nom bilan chaqiriladigan bo`lib qoladi. Ro`zada esa, bu narsalarning birortasi yo`q, kechasi hech kim ko`rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma barobar yuraveradi. Iftor vaqti kirayotganda ham, hech kimsiz yolg`iz o`zi qolganida ham ro`zador Alloh taolo ko`rib turganini his qilib, og`zini ochib yubormaydi. Ana shularning hammasi Ro`za Alloh uchun tutilishining belgisidir. Shuning uchun ham yolg`iz Alloh uchun bo`lgan ibodatning mukofotini Alloh taolo O`zi bilib berishga va`da qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar