Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarning o`zbek segmentida tarix fanlari bo`yicha falsafa doktori Baxtiyor Alimjanovning bir podkastdagi intervyusi keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Gap shundaki,podkastda o`ta nozik mavzu – zamonaviy o`zbek qizlari haqida so`z yuritarkan, tarix fanlari bo`yichafalsafa doktori ularning “bokiralik”ni asrashga intilishini «o`zbek jamiyatidagi katta muammo ekanini” qayta qayta takrorlaydi.
Keling, yaxshisi... uning uzuq-yuluq gaplarini biroz randalab, tushunishga urinib ko`raylik:
“Shunaqa qizlar bor...evropalashganman, deydi. Lekin hali qiz bolaman, deydi. Yur ...., desam, men bokiraman, deb turaveradi. Yo`g`e, haliyammi? Yigirma to`qqizda-ya? Bittasiga “yur” desam... “jinsiy munosabatda bo`lmaganman” dedi. Mengacha bo`lmagan bo`lsa, men birinchi bo`lib nima qilaman, dedim. Seni hech kim xohlamagan bo`lsa, men nima uchun birinchi bo`lishim kerak? Ba`zilari “men sen uchun o`zimni asraganman” deydi. Nima uchun? Men shuni tushunmayapman-da. Semenizmmi, gendermi yoki biror psixologik muammomi? Juda zamonaviy qizlar! “Vestminster”da, chet ellarda o`qib kelgan, kiyimi, yurish-turishi joyida, ruscha, inglizchagaplashishadi, lekin “qiz bolaman”, deyishadi. Saqlanganmish... Men ishonmayman, yo meni ahmoq qilyapti, yo shunday bo`lishi ham mumkin. Ular bilan sifatli intim munosabat bo`lmaydi. Undan ko`ra, bitta kitob o`qib, yo bitta kino ko`rib qo`ya qolay, xullas, damingni ol, deyman. Menda ozroq mayl uyg`otishi, yurak jiz etishi kerak-ku? Ziyoli qizlar, Evropada, Amerikada o`qib, ruscha, inglizcha gaplashsa-da, jamiyatimizdagi taqiqlarni oshib o`tolmaydi. Ba`zilariga“yur, mashinadan tushib ochiq joylarda o`piishib turaylik” desam, “odamlar ko`radi” deb tortinadi. Axir bu zo`r-ku, bemalol suratga olishmaydimi? Hech bo`lmasa maqtanadi-ku, Alimjanov meni o`pdi, deb. Hazil albatta... 2024 yilda yashayapmiz, o`zbek yoshlarini ko`rib... haliyam cheklanganlik bor. O`zini ming zamonaviy his qilgan qizning ham ma`naviyati borligidan hayron qolaman. Shunchalik qon-qoniga kirib ketibdi-da 30 yilda? Nega bu narsa haligayaa saqlanib qolyapti? Gap bu erda ota-onada ham emas. Haqiqiy o`zbek qizi 18 yoshdan keyin ota-onasini hech qachon o`ylamaydi. O`zining baxtini o`ylaydi. Haqiqiy qiz bola zo`r egoist bo`lishi, o`zining manfaatini hamma narsadan ustun qo`yishi kerak”.
ALJIRAShDAN MAQSAD MUDDAO NIMA?
Albatta, bu “stenogramma”dan ayrim o`ta qo`pol kurakda turmaydigan so`zlar va jumlalarni tushirib qoldirdik. Menimcha, izohga hojat yo`q! Bir qarashda poyintar-soyintar ko`ringan bu gaplar mast odamning aljirashiga o`xshab ketadi. Ammo maqsad-muddao o`zbek qizlari, o`zbek mentaliteti ustidan kulish, yoshlarimizni ma`naviy buzuqlikka undashdan boshqa narsa emas, menimcha.
Aks holda, biror bir iymoni, aqli butun o`zbek iffatni, bokiralikni “zamondan ortda qolish”, “muammo” deb atamagan, “O`zbek qizi ota-onasini o`ylamasligi, egoist bo`lishi kerak” demagan bo`lardi. Xullas, uning bu boradagi fikrlarini tanqid qilib o`tirmoqchi emasman. Har kim o`zi biladi qanday xulosa chiqarishni.
BU BIRINChISI EMAS!
O`zi keyingi paytlarda Baxtiyor Alimjanovning intervyulari, maqolalaridan to “imiji”gacha anchadan beri muhokamalarga sabab bo`lib kelyapti. O`tgan yilning yoz oylarida uning buyuk bobolarimizning e`tiqodlari haqidagimulohazalari jiddiy e`tirozlarni keltirib chiqargan, u Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temursingari ajdodlarimizni salkam kofirga chiqarib qo`ygandi. Holbuki, Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining ilk satrlari uning e`tiqodini yaqqol ko`rsatadi: “Rahmli va mehribon Alloh nomi bilan. Maqtov tenglashtiriladigan va o`xshatiladiganlarning (hammasidan) yuqori turuvchi Allohga atalgandir. Barcha insonlarning ulug`i bo`lgan Muhammad (s.a.v.)ga to`g`ri yo`l va haqiqat rahnamolari bo`lmish uning xonadoniga Allohning rahmati bo`lsin!”. Ibn Sino haqidagi tarixiy ma`lumotlar ham allomaning iymon-e`tiqodda sobit bo`lganini ko`rsatadi. Ibn Sino Qur`on ilmi, hadis va arab tili grammatikasin chuqur o`rgangan, 10 yoshidayoq Qur`oni karimni to`liq yod olgan, “Ixlos” surasi tafsiriga bag`ishlangan maxsus risola ham yozgan. B.Alimjanovning Amir Temurning tangrichilik diniga e`tiqod qilgani, uning shomonlar odatiga ko`ra dafn qilingani, keyinchalik uning maqbarasi Shohrux davrida islomlashtirilgani haqidagi da`volari ham tarixiy mantiqqqa mutlaqo zid. Amir Temur Islom arkonlari, Qur`on hukmlarini yaxshi bilgani va ularga amal qilgani haqida yuzlab misollar bor.
Yaqinda rossiyalik bir vaysaqining “o`zbeklar 1917 yildan keyin paydo bo`ldi” degan da`vosi asablarni egovlab turgan bir paytda, internetda B.Alimjanovning “O`zbekdan O`zbekistonlikkacha” degan maqolasi chop etildi. Uning fikricha, “o`zbek” so`zi o`rnida “o`zbekistonlik” atamasini muomalaga kiritish lozim, o`zbek etnonimi ko`pmillatli xalqni birlashtirishga qodir emas.
DA`VOLAR ORTIDAGI QANDAY ISTAKLAR BOR?
Tan olish kerakki, anchadan beri shunga o`xshagan ayrim ziyolilar “O`zbekiston” nomini o`zgartirish, mamlakat undagi har bir xalqqa tegishli ekanini hisobga olib, Turon, So`g`diyona singari neytral nomlarni berishni taklif qilib kelishadi. Bir necha yil avval o`zbek tili bilan birga boshqa tillarga ham davlat tili maqomi berish kerak, degan da`volarni ilgari surishgan edi. Ana shunday g`ayrioddiy da`volar zamirida o`zbeklarni millat sifatida tarix sahnasidan siqib chiqarish, boshqa millatlarga qo`shib yuborish yoki parchalab tashlash istagi yo`qmikin, deb o`ylab qolasan kishi.
Odatda, sport jurnalistikasi terminologiyasiga ko`ra, sportchilarni u mansub mamlakatdagi asosiy xalq nomiga nisbat berib tilga olishadi. Deylik, O`zbekiston nomidan ishtirok etgan har bir sportchi millatidan qat`iy nazar o`zbek sportchisi deb aytiladi. Dunyoning etakchi davlatlarida ham B.Alimjanov da`vosining teskarisini ko`rish mumkin. Deylik, Fransiyada arab ham, xabash ham, farang ham millati yo irqidan qat`i nazar fransuz deb ataladi. Turkiyada ham turk atamasi etnik emas, siyosiy mazmun kasb etadi. Ya`ni Turkiyada tug`ilgan har bir fuqaro siyosiy nuqtai nazardan turk sanaladi. Qolaversa, davlat qaysi xalq nomi bilan atalsa, o`sha tilga davlat tili maqomi beriladi. Boshqa millatlar “bizning huquqlarimiz kamsitilyapti” deyotgani yo`q, deyolmaydi ham.
BU OLIM KIM O`ZI?
Xo`sh, bir qarasa millatga, bir qarasa buyuk ajdodlar e`tiqodiga, bir qarasa millat qizlarining iffatiga osiladigan bu olim kim o`zi? Nega o`zining tomdan tarasha tushgandek, kurakdayam, elakdayam turmaydigan mantiqsiz mulohazalari bilan odamlarning g`ashiga tegmoqda? Shu savollarga javob izlab, internetda u haqidagi ma`lumotlarni ham izlab ko`rdim. Unga ko`ra, Baxtiyor Alimdjanov 1985 yilda Toshkentda tug`ilgan, O`zbekiston Milliy universiteti tarix fakultetini bitirgan. “Rossiya imperiyasining Turkiston general-gubernatorligidagi iqtisodiy siyosati” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qilgan. Moskva davlat universitetiga bir necha bor ma`ruzachi sifatida taklif etilgan. Bir qator xalqaro grantlar g`olibi, 40 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifi.
Yaqinda bir maqolasi “Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi” imzosi bilan chop etilganiga ko`zim tushgandi. Ayni paytda Rossiya Federasiyasining “MIFI” Yadro tadqiqotlari milliy universiteti Toshkent filialida dosent davozimida ham ishlarkan. Har qalay mazkur o`quv muassasasi saytida shunday yozilgan.
ARZON ShON-ShUHRAT ORTTIRMOQChI BO`LSANGIZ...
Dunyoviy jamiyatlarda insonning qaysi tuzum yoxud mafkurani afzal ko`rishi, qanday fikrlashi, kiyinishi, yurish-turishi, e`tiqodi odatda, muhokama qilinmaydi. Ammo, hech bir hukumat kimgadir o`z xalqining milliy mentaliteti, aholisining e`tiqodi va milliy manfaatlarini ayovsiz toptash, ustidan kulish, masxaralash huquqini berib qo`ymasa kerak.
Keyingi paytlarda odamlarning salbiy munosabatlari orqali tanilish yangilik bo`lmay qoldi. Ehtimol, bu olim ana shunday noan`anaviy so`zlari bilan ommaning e`tiborini o`ziga jalb qilib, o`zini o`zi piar qilayotgandir? Nima bo`lganda ham, yoshi qirqni qoralab qolgan ziyoli uchun har bir harakat, fikrni birrov taroziga tashlab olish, maqsad arzon shon-shuhrat orttirish bo`lgan taqdirda, xalqimizning milliyligi, qadriyatlari, dunyoqarashi, muqaddasotidan boshqa, arzonroq vositalarni izlash ziyon qilmasdi.
Rustam JABBOROV