Rossiyaning Kemerovo shahridagi №5 bolalar klinikasida g`alati operasiya o`tkazildi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Klinikada operasiya yo`li bilan 10 yoshli qizaloqning qornidan 50 santimetrli soch olingan. Qizcha Mariinsk shahridan qornidagi kuchli og`riq tufayli kasalxonaga keltirilgan. Uning qorni ushlab ko`rilganda, tiqilib turgan qattiq narsa sezilgan. Bolaning qanday qilib, bunday ahvolga tushganini vrachlar avvaliga aniqlay olmadi. Qo`shimcha tekshiruvdan keyin diagnostik laparoskopiya o`tkazishga qaror qilindi. Natijada diagnostikadan keyin haqiqatan ham ichakda nimadir tiqilib turgani aniqlangan va operasiya qilingan.
“Bolaning ichagiga tiqilgan 50 santimetrli sochni olish uchun ikki soat vaqt ketdi”, deydi tibbiyot xodimlari.
Hozirda boshqalarga o`xshamagan bemor qizchaning ahvoli yaxshi, yaqin kunlarda uyga javob beriladi. Umumiy jarrohlik bo`limi boshlig`i vazifasini bajaruvchi Konstantin Sursev bolalar jarrohi bo`lib ancha yillardan beri ishlaganiga qaramay, bunday voqeani jarrohlik tajribasida ilk marotaba uchratganini tan oldi.
Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, qizchaning soch eyishiga asabiylik holati sabab bo`lgan. U maktabda sinfdoshlari bilan kelisha olmagan, qattiq asabiylashganda esa soch o`rimini egan va shu yo`l bilan tinchlanishga harakat qilgan.