Bokuda “Choklardagi meros: O`zbekistonning kashtachilik va tikuvchilik an`analari bo`ylab sayohat” ko`rgazmasi ochildi. Bu haqda Saida Mirziyoeva o`z sahifasida ma`lum qildi.
"Kecha Ozarbayjon poytaxtidagi Haydar Aliev markazida “Choklardagi meros: O`zbekistonning kashtachilik va tikuvchilik an`analari bo`ylab sayohat” ko`rgazmasi ochildi. Unda 140 dan ortiq bezakli amaliy san`at namunalari taqdim etilgan.
So`zanalar kashtachi ustalar tomonidan oylar davomida tikiladi. Ulardagi har bir gul va naqshlar chuqur ma`noga ega.
An`anaviy zar choponlarimiz, rang-barang so`zanalar va qimmatbaho toshlar bilan bezalgan kumush taqinchoqlar ko`rgazmaga tashrif buyuruvchilarda unutilmas taassurot qoldiradi, degan umiddaman.
Muzey mutaxassislari va ushbu ko`rgazmani tashkil etishda qatnashgan barchaga chin yurakdan minnatdorlik izhor etaman", - deydi Saida Mirziyoeva.






