Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o`yg`ongach oz bo`lsa ham biror narsa eb-ichib, ro`zani niyat qilaman desa, niyati ham o`sha kuni tutadigan ro`zasi ham to`g`ri bo`lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro`zani buzadigan (ya`ni, eb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro`zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.
Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallollohu alayhi vasallam Aslam qabilasidan bir kishiga buyurdilar: “Odamlarga e`lon qilginki, kim (bugun taom) egan bo`lsa, kunning qolgan qismida emay tursin. Kim hech narsa emagan bo`lsa, ro`za tutsin. Chunki bugun – Ashuro kunidir” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
ُUshbu hadisda Ramazon ro`zasini Ashuro kuniga qiyos qilingan. Chunki Islomning avvalida Ashuro ro`zasi farz bo`lgan (“E`lous-sunan”).
Imom Tahoviy: “Bu hadisda muayyan bir kunda ro`za tutishi kerak bo`lgan kishi, kechasi niyat qilmagan bo`lsa, kunduzi niyat qilishi durustligiga dalil bor”, – deganlar.
“Zavolgacha niyat qilish, tong otgandan keyin ro`zani buzadigan amallar bo`lmagan bo`lsa, joiz bo`ladi. Agar tong otgandan keyin qasddan yoki unutib egan, ichgan yoki jinsiy aloqa qilgan bo`lsa, bundan keyin o`sha kungi ro`zani niyat qilishi joiz bo`lmaydi” (“Fatavoi Hindiya”, “Sharhut Tahoviy”).
Demak, Ramazonda saxarlikka uxlab qolgan kishi, o`yg`ongach, hech narsa emay-ichmay ro`za tutishni niyat qilishi lozim bo`ladi. Vallohu a`lam.
O`zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay`ati.






