AsosiyJamiyat

1 iyuldan moped va skuterlarga alohida davlat raqamlari beriladi

'1 iyuldan moped va skuterlarga alohida davlat raqamlari beriladi'ning rasmi

Muhokamalar portaliga hukumatning "Foydalanishda bo`lgan moped yoki skuterlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish bo`yicha vaqtinchalik nizomni tasdiqlash to`g`risida"gi Qarori loyihasi joylashtirildi.

Unga ko`ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab bu turdagi yangi transport vositalari umumiy tartibda, foydalanishda bo`lganlari vaqtinchalik nizom asosida davlat ro`yxatidan o`tkaziladi.

2024 yil 1 iyulga qadar moped va skuterlarni sotish faoliyati bilan shug`ullanuvchi maxsus savdo tashkilotlar (ishlab chiqaruvchi, uning vakili yoki vositachi (distribyutorlik, dilerlik) tashkilotlar)i Yo`l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi «Transport vositalari hisob ma`lumotnomalari» moduliga integrasiya qilinadi va bunday transport vositalari uchun hisob-ma`lumotlarni elektron shaklda berilishini ta`minlanadi.

2024 yil 1 iyulga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo`mitasi axborot tizimi orqali Yo`l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga O`zbekistonga kirib kelayotgan dvigatelining ish hajmi 25 sm3 va undan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, shuningdek, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalari (moped va skuter) to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etish yo`lga qo`yiladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab ro`yxatga olinmagan bu turdagi transport vositalaridan foydalanish amaldagi qonunchilik talablari asosida taqiqlanadi.

    Boshqa yangiliklar