AsosiyJamiyat

O`zbekistonda mingdan ortiq ayol onlayn xizmat orqali haydovchilik qilmoqda

'O`zbekistonda mingdan ortiq ayol onlayn xizmat orqali haydovchilik qilmoqda'ning rasmi

O`zbekistonda 2,6 mlndan ortiq fuqaro o`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida ro`yxatga olingan. Shundan 284 ming nafari joriy yilda ro`yxatdan o`tgan. Bu haqda Soliq qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma`lum qilinishicha, o`zini o`zi band qilgan shaxslar daromadi 100 mln so`mdan oshmasa, soliq to`lamaydi. Ish stajiga ega bo`lish va pensiya hisoblash uchun ular ixtiyoriy ravishda yiliga bir marta ijtimoiy soliq to`lashi mumkin. Shu maqsadda joriy yilda 68,5 ming nafar o`zini o`zi band qilgan shaxs tomonidan 21,7 mlrd so`m ijtimoiy soliq to`langan.

Yo`lovchi tashish transporti tizimini rivojlantirish, ushbu yo`nalishda ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, ishsizlikni qisqartirish maqsadida yo`lovchilarni engil avtotransport vositalarida tashish faoliyati o`zini o`zi band qilgan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari ro`yxatiga kiritilgan.

Umumiy hisobda 1 mart holatiga o`zini o`zi band qilgan haydovchilar 420,8 ming nafarni tashkil etadi. Ularning 161,5 ming nafardan ortig`i soliq organlari bilan integrasiyalashgan onlayn-agregatorlar orqali yo`lovchi tashish xizmatlarini ko`rsatmoqda. E`tiborlisi, ayollarning bu sohaga qiziqishi ortib bormoqda: 1 053 nafar haydovchi ayol ushbu onlayn xizmatlar orqali yo`lovchi tashish bilan shug`ullanmoqda.

Onlayn-taksi agregatorlaridan foydalanadigan haydovchilar:

- 30 yoshgacha - 59 274 nafar;

- 30 yoshdan 50 yoshgacha - 90 420 nafar;

- 50 yoshdan oshganlar - 11 970 nafar.

Soliq qo`mitasi ma`lumotlar bazasida mavjud ma`lumotlarga ko`ra, o`zini o`zi band qilgan haydovchilar joriy yilning dastlabki 2 oyida onlayn-agregatorlar yordamida quyidagi miqdorlarda daromad olgan:

1 mln so`mgacha - 104 241 nafar;

1 mlndan 2 mln so`mgacha - 24 350 nafar;

2 mlndan 5 mln so`mgacha - 23 817 nafar;

5 mlndan 10 mln so`mgacha - 7 887 nafar;

10 mlndan 15 mln so`mgacha - 1 180 nafar;

15 mln so`mdan yuqori - 189 nafar.

Faoliyatini qonuniylashtirish o`zini o`zi band qilgan shaxslarga nafaqat qonuniy daromad olish, balki ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlariga ham xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar