Farg`ona viloyati Ekologiya boshqarmasi Marg`ilon shahar bo`limiga shahar bolalar shifoxonasi hududida daraxtlar kesilayotganligi haqida murojaat kelib tushdi, deya xabar qildi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Murojaat o`rganilganida shifoxona hududida texnik xodim M.I. tomonidan bir tup o`rmon fondiga kirmaydigan ko`p yillik sasna daraxti hech qanday ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlandi.
Ma`lumot uchun, 18 mart kuni shahar ekologiya bo`limi davlat inspektorlari tomonidan daraxtlarni kesmaslik to`g`risida ogohlantirish xati berilgan. Ammo xodim bunga amal qilmagan.
Daraxt kesilishi natijasida tabiatga 36 million 500 ming so`m zarar etkazilganligi ma`lum bo`ldi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 25 baravari — 8 million 500 ming so`m miqdorida jarima belgilandi. M. I. qilmishi uchun jami 45 million so`m to`laydigan bo`ldi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-avgustdagi "Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to`g`risida"gi 464-son qaroriga asosan huquqbuzarga 100 tup daraxt ko`chatini kompensasiya tarzida ekish hamda ularni kamida 3 yil parvarish qilish majburiyati yuklatildi.






