1

Putin harbiy xizmatga chaqirish haqida yangi farmonni imzoladi

Dunyo 31.03.2024, 17:21
Putin harbiy xizmatga chaqirish haqida yangi farmonni imzoladi

Rossiyada muddatli harbiy xizmatga chaqiruv maksimal yosh chegarasi 27 yosh edi. 2023 yilda qonunlarga o`zgartirish kiritildi va yosh chegarasi 30 yoshgacha oshirildi. Bu tartib 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.

Vladimir Putin Rossiya fuqarolarini harbiy xizmatga bahorgi chaqiruv to`g`risidagi farmonni imzoladi. Farmonga ko`ra, 150 ming kishi 1 apreldan 15 iyulgacha bo`lgan davrda muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

2024 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi qoidalarga ko`ra, Rossiyada chaqiruv yoshi oshirilgan va endi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Rossiya nashrlarida xabar qilinishicha, 2023 yil oxirigacha 27, 28 yoki 29 yoshga to`lgan va zaxirada bo`lganlar bundan mustasno.

Rossiya davlat Dumasining Mudofaa ishlari bo`yicha qo`mitasi rahbari Andrey Kartapolov avvalroq «2023 yil oxirigacha, hatto 31 dekabr kuni soat 23:59 da 27 yoshga to`lgan fuqarolar harbiy zaxiraga olinadi va ular 2024 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi. Hozir 28 yoki 29 yoshda bo`lganlar allaqachon zaxirada», degan edi.

Ma`lumot uchun, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2022 yil oxirida harbiy xizmatga chaqirilish yoshini 18-27 yoshdan 21-30 yoshga o`zgartirishni taklif qildi. Harbiy chaqiruv yoshining chegaralari bosqichma-bosqich o`zgartirilishi taxmin qilingan edi. Ammo Rossiya hukumati har qanday o`tish davridan voz kechdi va yangi tartib belgilandi.

Davlat dumasi 2023 yil 25 iyulda qonun hujjatlariga tegishli o`zgartirishlarni uchinchi o`qishda qabul qildi. Hujjatning asl nusxasida pastki chegara bir vaqtning o`zida – 18 yoshdan 21 yoshgacha ko`tarilishi ko`zda tutilgandi.

Ammo iyul oyida Dumaning Mudofaa qo`mitasi rahbari Andrey Kartapolov chaqiruv yoshining quyi chegarasi o`zgarmasligi va faqat yuqori chegara ko`tarilishini ma`lum qildi.

24 noyabr kuni Rossiya hukumati harbiy ro`yxatga olish sohasidagi me`yoriy-huquqiy bazani parlament tomonidan qabul qilingan qonunchilikdagi o`zgarishlarga muvofiqlashtirish to`g`risidagi qarorni tasdiqladi. Shu tariqa maksimal 30 yosh deb belgilandi va bu tartib 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1