AsosiyJamiyat

Endi Toshkentda har oyning to`rtinchi chorshanbasi "Avtomobilsiz kun" bo`ladi

'Endi Toshkentda har oyning to`rtinchi chorshanbasi "Avtomobilsiz kun" bo`ladi'ning rasmi

Endi Toshkent shahrida har oyning to`rtinchi chorshanba kuni "Avtomobilsiz kun" sifatida o`tkaziladi. Bu O`zbekiston  Prezidentining joriy yil 21 fevraldagi 37-son Farmoniga asosan amalga oshiriladi, deya xabar qilmoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishlari vazirligi matbuot xizmati. 

Ma`lum qilinishicha, avtomobilsiz harakatlanishni targ`ib qilishdan ko`zlangan asosiy maqsad, eng avvalo, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda avtomobil tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik e`tiborini qaratish va atrof-muhitni muhofaza qilish har bir insonning fuqarolik burchi ekanligini ta`kidlashdir.

“Butunjahon avtomobilsiz kuni” (World Carfree Day) har yili 22 sentyabrda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidagi 2 mingdan ortiq shahar, jumladan, Evropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Braziliya, Kanada kabi davlatlarning poytaxt va yirik shaharlarida o`tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, Fransiya (Parij), Indoneziya (Jakarta) va Ruanda (Kigali) kabi mamlakatlarning poytaxtlarida “avtomobilsiz kun” tadbiri muntazam ravishda tashkil etiladi.  

Toshkent shahrida davlat idoralari rahbarlari va xodimlarining jamoat transportidan foydalanishi orqali oyda bir kun davomida shaharda yuradigan avtotransport vositalari soni o`rtacha 200 ming (22-25 foiz)ga kamayadi. Natijada atmosfera havosiga avtomobillardan zararli tashlamalar ham 22-25 foizga (o`rtacha 580 tonnaga) qisqaradi hamda  shahar ichidagi tirbandliklar kamayishiga erishiladi. 

Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelishi orqali namuna ko`rsatib boradi. 

Bu 2024 yilning 24 aprel, 22 may, 26 iyun, 24 iyul, 28 avgust, 25 sentyabr, 23 oktyabr, 27 noyabr va 25 dekabr kunlariga to`g`ri keladi.

Bugungi kunda ekologik toza jamoat transporti – elektrobuslarni keng joriy etish, metroning yangi liniyalarini ishga tushirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, veloyo`laklar ham qurilib ishga tushirilmoqda. Xalqaro tajriba shuni ko`rsatadiki, faqat jamoat transportini rivojlantiribgina shaharda avtomobil tirbandligi muammosini hal qilish mumkin. 

 

    Boshqa yangiliklar