Qonunchilik palatasida Soliq kodeksining 227-1-moddasiga o`zgartirish va qo`shimcha kiritilishini nazarda tutadigan qonun loyihasi ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari Odiljon Tojiev xabar qildi.
Gap shundaki, tadbirkorlar u yoki bu sababli mahsulotni markirovkalamagan yoki do`koniga avtomatlashtirilgan hisobga olish o`lchov vositalarini o`rnata olmagan tadbirkor oxirgi hisobot choragida ega bo`lgan sof tushumni jarima shaklida to`lashga majbur bo`layotgandi.
Qonun loyihasi bilan Soliq kodeksiga kiritilayotgan o`zgartirishga ko`ra, endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo`llaniladigan moliyaviy jarima miqdori qariyb 98 foizga qisqartirilmoqda.
Ya`ni, yuqoridagi huquqbuzarlikni sodir etgan tadbirkor uch oylik sof tushumni emas, shu tushumning 2 foizi miqdorida jarima to`laydi, xolos.
Qonun Quyi palatada qabul qilinib, Senatga yuborildi.