AsosiyJamiyat

Andijonda bo`lim boshlig`i, Toshkentda arxitektor, Qashqadaryoda direktor qo`lga olindi

'Andijonda bo`lim boshlig`i, Toshkentda arxitektor, Qashqadaryoda direktor qo`lga olindi'ning rasmi

Korrupsiya va firibgarlik holatlariga chek qo`yildi, deya xabar qilmoqda DXX matbuot xizmati.

Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasida bo`lim boshlig`i o`rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs Andijon shahrida farmasevtika faoliyati bilan shug`ullanuvchi MChJning moliyaviy holati bo`yicha o`tkazilgan tekshiruvlar jarayonida, MChJga qarashli dorixonalar tomonidan dori vositalarini belgilangan referent narxlardan qimmat narxlarda sotish orqali iste`molchilardan 2,1 mlrd. so`m ortiqcha pul olinganligi holati aniqlangani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani bekor qilib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur mansabdor shaxs 22,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.Tergovga qadar tekshiruv davomida, u muqaddam 7,5 ming AQSh dollari olganligi ham ma`lum bo`ldi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda “O`zbekiston shaharsozlik bo`yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasining arxitektori andijonlik tadbirkordan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, arxitektor “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning Andijon viloyati filiali direktori lavozimida ishlovchi o`zining otasi bilan til biriktirib, tadbirkorga Andijon shahridagi 2 ta manzilda ko`p qavatli turar-joy binolarini qurishiga oid qurilish sohasidagi me`yoriy-huquqiy hujjatlarni tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va`da qilishgan.

Hozirda arxitektor va uning otasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, viloyat tumanlaridan biridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori o`zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, Qarshi tumanidagi maktab direktorining o`rinbosarini Yakkabog` tuman Maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi boshlig`i lavozimiga tayinlanishida yordam berish evaziga 55 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar