Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov Qo`shrabot tumanida joylashgan Mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatuvchi tumanlararo punktiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar qildi.
Monitoring davomida bemorlarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiy yordam ko`rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiena talablariga rioya etilish holatlari o`rganildi.
Aniqlanishicha, mazkur tibbiyot punkti mastlik holatida bo`lga erkak va ayollarni saqlashga mo`ljallangan bo`lib, 2023 yil 1 yanvarda o`z faoliyatini boshlagan. Unda mastlik holatida bo`lgan shaxslar saqlanadigan xonalarga to`liq video kuzatuv kameralari o`rnatilgan. Lekin, qator kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan mazkur punktga qarashli tibbiyot bo`limida 1-tibbiy yordam ko`rsatish uchun zarur bo`lgan 37 turdagi dori-darmonlar etishmasligi, borlari ko`zdan kechirilganda ba`zi muddati o`tgan dori vositalari saqlanayotgani hamda bo`limning ba`zi kerakli uskunalar bilan jihozlanmagani ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, monitoringda Milliy gvardiya bilan hushyorxonani qo`riqlash bo`yicha shartnoma tuzilmagani hamda bemorlar va xodimlar xavfsizligi ta`minlanmagani aniqlandi.
Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan monitoring tashrifida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli tavsiyalar berildi.
Monitoring yakunida tibbiyot punkti xodimlari bilan uchrashuv o`tkazilib, ularga Ombudsmanning inson huquqlarini ta`minlashga oid faoliyat yo`nalishlari hamda tibbiyot punktiga olib kelinadigan shaxslarga nisbatan qo`pol yoki bosim o`tkazmagan holda munosabatda bo`lish kerakligi borasida tushuntirishlar berildi.






