Qoraqalpog`iston Respublikasining Xo`jayli tumanida yashovchi, 1983 y.t. K.J. aldov yo`li bilan o`zganing ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni Davlat xavfsizlik xizmati organlariga ishga kiritib qo`yish evaziga 11 ming AQSh dollari talab qiladi. Bu haqida DXX matbuot xizmati darakchi.uz`ga xabar berdi.
Ammo, u so`ralgan pul mablag`ini Nukus shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs muqaddam 4 nafar fuqaroni DXX idoralariga ishga kiritib qo`yishni va`da qilib, firibgarlik yo`li bilan ulardan jami 65 ming AQSh dollari olganligi ham aniqlandi.
Ta`kidlash lozimki, K.J. muqaddam Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan 5 marotaba sudlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






